2024−2025 o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan berilgan testlar yuzasidan e’tirozlar bildirilmoqda.

“O‘zBMB (DTM) yana eski davrga qaytyaptimi?”

Telegram`dagi Xushnudbek.uz kanalida testning ilk kunida huquq fanidan imtihonga kirgan abituriyentlar darsliklarda mavjud bo‘lmagan ma’lumotlardan, xususan, kodeks va qonunlardan tuzilgan savollar borligidan shikoyat qilgani haqida so‘z bordi.

“Kecha testga kirgan abituriyentlarning aytishicha, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda qaysidir qilmishga qanaqa jazo nazarda tutilgan degan savollar ham tushgan emish. Ya’ni sanksiya qismini so‘rashibdi. Agar bu gap rost bo‘lsa, agar testda bir donagina bo‘lsa ham shunaqa savol tushgan bo‘lsa, unda bu sharmandalikdan boshqa narsa emas. Bunaqa savol tuzgan ekspertni butun umr “qora ro‘yxat”ga tiqib, hech qachon testlarga yaqinlashtirmaydigan qilish kerak”, — deb yozdi Xushnud Xuyodberdiyev.

Bilimni baholash agentligi munosabati

Agentlikning ta’kidlashicha, huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlari amaldagi DTS va o‘quv dasturlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, ularni tuzishda prezident qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqilgan.

Abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlar ro‘yxati ham agentlik saytida joylashtirilgan. Huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbai (lex.uz)ga murojaat qilinishi bo‘yicha ham ma’lumotlar e’lon qilingan, deyiladi agentlik bayonotida.

“2024−2025 o‘quv yili qabuli test sinovlarida foydalanilgan va abituriyentlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan test topshirig‘ida O‘zbekiston davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish yoki ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘ralgan. Shu kabi test topshiriqlarini shakllantirishdan maqsad aynan huquqshunoslik yo‘nalishini tanlash istagida bo‘lgan abituriyentlarning shu sohada umumiy o‘rta ta’lim maktabida va akademik litseylarda olgan bilimlarini sinash, qolaversa, bu bilimlarni kundalik hayotda duch keladigan misollar orqali qay darajada tatbiq qila olishlarini aniqlashdan iborat”, — deya tushuntiriladi xabarda.

Agentlik, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha shakllantiriladigan test topshiriqlari butun hujjat asosida emas, balki o‘quv dasturida keltirilgan qismidan tuzilishi, shunga ko‘ra, huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlarini shakllantirishda ham amaldagi DTS va o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari bo‘lmaganini bildirdi.