Florida sudi AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan maxfiy hujjatlar bilan noto‘g‘ri muomala qilganlik uchun qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni bekor qildi, deb xabar bermoqda CNN.

Gap 2022-yil yozida Trampning Floridadagi Mar-a-Lago mulkida tintuv o‘tkazilganda topilgan materiallar haqida ketmoqda. O‘shanda FQB milliy mudofaa bilan bog‘liq 11 ming hujjatni, shu jumladan “o‘ta maxfiy” deb belgilangan hujjatlarni qo‘lga kiritgandi. Tramp, barcha sobiq prezidentlar kabi, ularni Milliy arxivga o‘tkazishi kerak edi, lekin bunday qilmagan. Ayblov xulosasi yetti epizoddan iborat edi. Siyosatchi o‘z aybini tan olmagan.

Qarorni 2020-yilda Tramp tomonidan bu lavozimga tayinlangan AQSh okrug sudyasi Eylin Kennon qabul qildi. Sud qarorida aytilishicha, maxsus prokuror Jek Smitning bu ishga tayinlanishi konstitutsiyaga ziddir.

“AQSh nizom kitobida ushbu ayblovni olib borish uchun maxsus prokuror Smitni tayinlashga ruxsat beruvchi biron bir qonun bormi? Ushbu asosiy savol sinchiklab ko‘rib chiqilganidan so‘ng, javob — yo‘q”, — deyiladi qarorda. Shuningdek, unda Kongress g‘aznachilikka Smitning ishini moliyalashtirishga ruxsat bermaslikni tayinlagani aytiladi.

Shu bilan birga, qarorda Adliya vazirligi maxsus prokurorning keyingi faoliyatini moliyalashtirish uchun “mablag‘larni qayta taqsimlashi” mumkinligi, biroq yangi ochilgan ishning sud nazoratidan o‘tishi aniq emasligi ta’kidlangan.

Tramp ustidan sud jarayoni noyabrdagi prezidentlik saylovlari oldidan boshlanishi dargumon bo‘lsa-da, ko‘plab huquqshunoslar maxfiy hujjatlar ishini sobiq prezidentga qarshi to‘rtta ishning eng kuchlisi deb hisoblagandi, deb ta’kidladi CNN.

Trampning o‘zi maxfiy hujjatlar ishini rad etish “birinchi qadam bo‘lishi kerakligini” aytdi va unga qarshi qolgan uchta ishni bekor qilishga chaqirdi.

  • Iyul oyi boshida Oliy sud Trampning da’vosi bo‘yicha qaror chiqargandi va sobiq prezidentlar rasmiy xatti-harakatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmaydi, lekin shaxsiy ravishda sodir etilgan qilmishlari uchun bunday emas, degan qarorga kelgandi.
  • Maxfiy hujjatlar ishi yana prezidentlikka qaytishga urinayotgan Trampga qarshi ochilgan to‘rtta jinoiy ishdan biridir. May oyida Nyu-Yorkdagi sud uni pornoaktrisaga qilingan to‘lovlarni yashirish jarayonida hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topgandi. Sudya Oliy sudning prezident daxlsizligiga doir qarorini ko‘rib chiqishga rozi bo‘lganidan keyin, 11-iyulga belgilangan hukm kamida sentabrgacha kechiktirildi.
  • Maxsus prokuror Jek Smit Trampni 2021-yil yanvaridaKapitoliyga bostirib kirishga urinish uchun ham tergov qilayotgan edi. Bu sobiq prezidentga qo‘yilgan jinoiy ayblovlar ichida eng jiddiyi. Sud jarayoni noma’lum muddatga qoldirilgan.
  • 13-iyul kuni Pensilvaniyada saylovoldi tashviqoti mitingida Trampga suiqasd uyushtirilgandi. Sobiq prezident qulog‘idan yaralangan, otishma sodir etgan shaxs o‘ldirilgan. “Gazeta.uz” voqea haqida batafsil yozgandi.