Prezidenti Shavkat Mirziyoyev atoqli qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li (1824−1878) tavalludining 200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, Ajiniyoz “o‘zining betakror va sermazmun ijodi bilan madaniyat va adabiyotni rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va og‘izbirchilikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan. Hassos shoirning she’r va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar el-yurt qalbidan chuqur joy egallagan”.

Xivadagi Sherg‘ozixon va Qutlimurod inoq madrasalarida tahsil olgan “bu ulug‘ siymo nafaqat mamlakatda, balki butun mintaqada xalqchil shoir, yetuk muallim va ustoz, mohir xattot sifatida shuhrat qozongani ayniqsa e’tiborga molikdir. Uning go‘zal asarlari turkman, qozoq, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlar tomonidan ham sevib o‘qilmoqda”, deyiladi qarorda.

Shoir va mutafakkir tavalludining 200 yilligini nishonlash YUNESKOning xalqaro yubileylar rejasiga kiritilgani ham uning ijodiy merosi umumbashariy ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi, deyiladi hujjatda.

Qaror bilan bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tashkil etildi. Qo‘mita shoir tavalludining 200 yilligini nishonlash va uning ijodiy merosini keng targ‘ib etish bo‘yicha chora tadbirlar dasturini tasdiqlaydi.

Uning “Tanlangan asarlar” to‘plamini o‘zbek va qoraqalpoq tillarida nashr qilish, hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab yaratilgan badiiy, ilmiy-ommabop asarlarni qayta chop etish va taqdimotlarini o‘tkazish reja qilinmoqda.

Davlat buyurtmasiga binoan sahna asarlari hamda “Ajiniyoz” badiiy-publitsistik filmini yaratish va ularning taqdimotlarini uyushtiriladi.

Nukus shahrida shoir ijodiga bag‘ishlangan “Ayt, sen Ajiniyozning qo‘shiqlaridan” mavzusida yosh ijodkorlarining tanlovi, ijod maktablari o‘quvchilari o‘rtasida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li hayoti va ijodiga bag‘ishlangan insholar tanlovi o‘tkaziladi.

Sentabr oyida Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kitoblar, tasviriy san’at asarlari va xalq amaliy san’ati namunalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Oktabr oyida Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining adabiy merosini o‘rganish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar uyushtirish rejalashtirilmoqda.

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida shoir muzeyini tashkil qilinadi.

Noyabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 200 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-badiiy xotira kechalarini tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘lining Mo‘ynoq tumanidagi qabrini obodonlashtirish va unga yodgorlik o‘rnatish, mazkur tumanda Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li nomidagi ekopark barpo etish reja qilinmoqda.

Foto: tonkosti.ru/Foto_Karakalpakstana