Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, uning o‘g‘illari, akasi — jami 37 kishiga nisbatan ochiq sud ishi davom etmoqda. Sudning 15-iyul kungi taraflar muzokarasida advokatlar va sudlanuvchilarga so‘z berildi, deya xabar qilmoqda jarayonda qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri.

Baxtiyor Qudratullayevning advokatiga ko‘ra, “Baxti Tashkentskiy"ga qo‘yilgan 44 ta epizodning 13 tasi ayblovdan olib tashlangan. Advokat o‘z nutqida jinoyat ishiga dahldor turli holatlarni keltirib, ayblovda qo‘yilgan moddalarni qayta ko‘rib chiqishni hamda ularning ayrimlarini olib tashlashni so‘radi. Shundan so‘ng boshqa advokatlar ham so‘zga chiqdi.

Advokatlar nutqidan keyin sudlanuvchilar ham tinglandi. Xususan, Baxtiyor Qudratullayev so‘nggi so‘zida suddan sudlanuvchilarga yengillik berishni so‘radi.

“Bizlarda yomon niyat bo‘lmagan. Bolalar bir-biriga pichoq ko‘tarmasin-tiqmasin, psixotrop tabletkalar va boshqa narsalarga aralashib qolmasin, degan ma’noda qilingan narsa bo‘lgan. Bitta iltimosim bor: bu yerdagi bolalar uy ishlariga qarashib yurgan, nevaramni bog‘chadan, o‘g‘limni maktabdan olib kelgan, boshqa „seryozniy“ ishlarga aralashgan emas. O‘g‘illarim o‘tiribdi, bittasi kasal. Bu yerda o‘tirgan bolalarning ichida uylanganlari bor, uylanmaganlari bor, ikki-uch nafar farzandi borlari ham bor. Kimlarningdir qarib qolgan onasi bor. Menga o‘xshab bularga ham armon bo‘lib qolmasin: qamoqdan chiqishimdan bir yil oldin onam olamdan o‘tib qolgan, qabrga qo‘yolmaganman. Biz terrorist, korrupsioner bo‘lmaganmiz, odamxo‘r emasmiz. Davlatga qarshi yurgan joyimiz yo‘q. Iloji bo‘lsa, shu yerda o‘tirgan bolalarga yengillik qilib bersangiz”, — dedi Baxtiyor Qudratullayev so‘nggi so‘zida.

“Baxti Tashkentskiy"ning nutqidan so‘ng boshqa sudlanuvchilar ham nuqt so‘zladi. Ularning aksariyati aybiga qisman iqrorligini bildirib, suddan yengillik so‘radi. Ba’zi sudlanuvchilar esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi.

Sud tomonlarni eshitib bo‘lgach, hukm chiqarish uchun 19-iyulga qadar maslahatga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, 10-iyul kungi sud majlisida prokuror 44 ta epizod bo‘yicha ayblanayotgan “Baxti Tashkentskiy"ga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash, shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat) 3-qismi “a” bandi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topishni hamda uning o‘g‘illariga nisbatan 11 va 12 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘ragan edi.