Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Erkinovich Zokirov sog‘lig‘idagi muammo tufayli lavozimidan ozod etildi. Bu haqda 17-iyul kuni prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. U 2019-yilning sentabrigacha — vazirlikka kelishidan oldin Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashkent City Xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi direksiyasiga rahbarlik qilgan. Ungacha esa Akfa kompaniyalar guruhida qurilish bo‘yicha direktori bo‘lgan.

Botir Zokirov 1963-yilning 28-iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent politexnika institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) quruvchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1980-yilda Toshkent instrumental zavodida mehnat faoliyatini boshlagan. 1985−1990-yillarda “Toshsantexmontaj” trestida ishlagan. 1990-yilda esa “12-trest” qurilish shirkatida ish boshlab, chilangarlikdan boshqaruv kengashi raisi lavozimigacha ko‘tarilgan.

2011-yilda bosh vaziri o‘rinbosari — Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi etib tayinlangan. 2016-yilda Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi lavozimiga tasdiqlangan. 2018-yil aprelida Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, 2019-yilning sentabrida esa vazirlik rahbari etib tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning oxiridagi ma’muriy islohot davomida Qurilish va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari birlashtirilgandi.