Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashga oid masalalarni ko‘rib chiqdi.

Davlat rahbari berilgan imtiyozli kreditlar muddatini 2025-yil 1-aprelgacha uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma’lum qildi.

O‘tgan yili paxta yetishtirish uchun olingan kreditni to‘liq qaytargan klasterlarga imtiyozli kreditning 8 foizi qaytariladi. Joriy yilda klasterlarning yigiruv korxonalariga paxta sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Klasterlar sotib olingan paxta tozalash zavodi qiymatining kamida 35 foizini to‘lasa, bu mulkni garovga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Prezident rahbarlarga yuqori moliyaviy majburiyatlarga ega bo‘lgan iqtisodiy samarasiz klasterlarning holatini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

2022-yilda paxta xomashyosining ichki va jahon narxlari o‘rtasidagi katta farq tufayli O‘zbekiston klasterlariga 6 trillion so‘m zarar yetdi, degandi prezident. Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2022-yilda O‘zbekistonda yetishtirilgan o‘rta tola navli paxta xomashyosining minimal xarid narxi 1 kg uchun 10 025 so‘mni tashkil etishini belgilagandi, jahonda esa narxlar ikki baravar past, deb xabar bergan “Gazeta.uz”ga to‘qimachilik tarmog‘idagi manbasi.

2023-yilning avgust oyida prezident tomonidan 3 trillion so‘mlik kreditlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash muddati bir yilga uzaytirilgandi, klasterlarning aylanma mablag‘lari uchun 1,5 yil muddatga 3 trillion so‘m kredit ajratilgan.