Samarqand viloyati Narpay tumanida 7 tup daraxtni kesgan fuqaro jarimaga tortildi, deya xabar qildi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Qayd etilishicha, vazirlikning Samarqand viloyati boshqarmasi Narpay tumani bo‘limi tomonidan navbatdagi nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilgan. Reyd davomida tumanning “Baxt” MFY hududida fuqaro R.I. tomonidan 7 tup har xil turdagi mevali daraxtlar noqonuniy tarzda kesib tashlangani ma’lum bo‘lgan.

”дарахт

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. R.I.ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, ya’ni 8 million 500 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi.

Shuningdek, fuqaro tabiatga 3 million 230 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlandi. Huquqbuzar jami 11 million 730 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi.