2024-yilning birinchi olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga ko‘paydi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash yuzasidan birinchi yarim yillikda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Tahlillarga ko‘ra, birinchi yarimyillikda sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,8 foizga o‘sdi. budjet daromadlari ham 113 trillion so‘mga yetib, 14 foizga ko‘paydi.

Yig‘ilishda yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qo‘shilgan qiymat 567,4 trillion so‘mga yetgani, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 94 trillion so‘mga ko‘p ekani bildirildi.

Birinchi yarimyillikda jami kapital quyilmalar 229 trillion so‘mni tashkil qilgani ta’kidlandi. Shundan 15,5 milliard dollari xorijiy investitsiya. Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratildi.

Tadbirkorlik uchun 82 trillion so‘m kredit va 15,5 trillion so‘m subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilindi. Berilgan yengillik va imtiyozlar hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida 56,3 trillion so‘m mablag‘ qoldi.

Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari boshlangani, iqtisodiy kompleks mahallaga tushirilgani hisobiga 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashdi, 1 million 600 ming aholi rasmiy band bo‘ldi, deyiladi majlisda.