Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda O‘zbekistondagi bir necha tumanlarning hokimlarini ishdan olish bo‘yicha bosh vazir bildirgan takliflar qo‘llab-quvvatlandi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘riladigan bo‘ldi. Qorao‘zak, Taxiatosh (ikkisi Qoraqalpog‘iston), Uchquduq (Navoiy), Toshkent (Toshkent viloyati), Furqat (Farg‘ona viloyati), Gurlan, Yangiariq (ikkisi Xorazm), Mirzaobod (Sirdaryo), Mingbuloq (Namangan) tumanlari, G‘ozg‘on shahri (Navoiy) hokimlari esa ishdan ketadi.

“Yutuqlarimiz haqida ko‘p gapirish mumkin. Dunyodagi og‘ir sharoitga qaramasdan, barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishyapmiz. Buni Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham e’tirof etyapti”, — dedi prezident.

Bunga munosib hissa qo‘shayotgan tarmoq, viloyat va tumanlarga, tadbirkorlarga alohida minnatdorlik bildirildi.