18-iyul kuni Tashkent City Mall savdo markazida “Jadidlar. Turkistonga maktublar” nomli jadidlarning ta’lim va maorif sohasidagi tashabbuslariga bag‘ishlangan multimedia ko‘rgazmasi o‘z ishini boshlaydi. Bu haqda uni tashkil etuvchi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ko‘rgazmada Germaniyaga o‘qishga yuborilgan turkistonlik talabalarning tarixi ochib berilgan. Maxsus “Jadidlar. Turkistonga maktublar” ko‘rgazmasi uchun savdo markazidan 1400 kvadrat metrdan ortiq maydon ajratildi.

“Jadidchilik XX asr boshidagi zalvarli ijtimoiy-siyosiy va madaniy harakat sifatida Markaziy Osiyoni rivojlantirishda ustuvor rol o‘ynagan. Jadidchilik mintaqadagi ko‘plab muhim o‘zgarishlarga turtki yasab, bugungi kunda jamiyatga hamon o‘z ta’sirini o‘tkazishda davom etmoqda. Tarixning ushbu bobi bilim va taraqqiyotga intilish jamiyatni qanday o‘zgartira olishi, to‘siqlarni yengib o‘tishga ko‘maklashishi va porloq istiqbol sari poydevor yarata olishi mumkinligini namoyish etadi”, — dedi prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva.

Namoyishdan tarix fanlari nomzodi Bahrom Irzayev tomonidan to‘plangan arxiv materiallari orqali o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi vizual va audio installyatsiyalar bilan ta’minlangan bir qancha bo‘limlar o‘rin olgan.

“Umid qilamanki, ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar 73 nafar talabadan iborat jadidlar avlodining mintaqamiz madaniy-ma’rifiy merosiga qo‘shgan hissasiga munosib baho berib, ularning bilim va yuksaklikka intilishlaridan ilhomlanadilar”, — dedi Bahrom Irzayev.

Unda nodir arxiv materiallari: maktublar, maqolalar va fotosuratlar ham namoyish etiladi. Ularning ko‘pchiligi birinchi marta jamoatchilikka taqdim etiladi.

XX asrning birinchi choragida Turkiston jadidlari ta’lim-tarbiya jamiyat taraqqiyotining eng ishonchli vositasi, deb hisoblaganlar. “Taraqqiy”, “Najot”, “Shuhrat”, “Samarqand”, “Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” gazetalari hamda “Oyina” jurnali jamiyatni taraqqiyot yo‘liga olib borish maqsadida tashkil etilgan.

1922-yilning birinchi yarmida jadidlar yoshlarni chet ellarga ta’lim va madaniy almashinuvga tayyorlashda muhim rol o‘ynagan, ma’rifatparvarlik va milliy istiqlol g‘oyalarini yanada rivojlantirish uchun tayanch va minbar vazifasini o‘tagan “Ko‘mak” jamiyatini tuzgan.

“O‘sha davrlar ijtimoiy va iqtisodiy qoloqlikni bartaraf etishni taqozo etar edi. Jadidlar taraqqiyotga faqat maorif orqaligina erishish mumkinligini anglab yetadilar. Ularning ta’lim sohasidagi islohotlari nafaqat yoshlarning savodxonligini oshirish va dunyoqarashlarining kengayishiga xizmat qiladi, balki kelgusi ijtimoiy-iqtisodiy evrilishlarga ham zamin yaratadi”, — dedi Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi mutaxassis, Karlton kolleji (AQSh) tarix fanlari professori Adib Xolid.

“Jadidlar sa’y-harakatlari sharofati bilan maorif ijtimoiy hayotni o‘zgartirishning qudratli quroliga aylanib, Markaziy Osiyoning kelgusi rivojiga asos soladi”, — dedi u.

Ko‘rgazmaga kirish pulli. Chiptalar iticket.uz saytida sotiladi.