17-iyul kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Korzinka supermarketlar tarmog‘iga oid qo‘zg‘atilgan ishda uni aybdor deb topdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ish 15-iyul kuni kompaniyaning “eng arzon narx” deb e’lon qilgan mahsulotlarining narxi boshqa supermarket va bozorlardagi narxlardan farq qilmasligi aniqlangach ochilgandi. Qo‘mita buni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holat deya ta’kidlagan.
Oradan bir ku o‘tib, Korzinka “eng arzon narx” haqidagi reklamani qoidabuzarlik deb hisoblamasligini bildirdi. Korzinka supermarketlar tarmog‘i “eng arzon narx” iborasidan foydalanishni qoidabuzarlik deb hisoblamasligini ta’kidladi. Kompaniyaga ko‘ra, dastur “vaqtinchalik reklama emas, balki yangi narx strategiyasi” bo‘lib, unda eng past narxlar “uzoq muddatli va har kuni” taklif etiladi.
“Qo‘mitaning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha maxsus komissiyasi tomonidan qo‘zg‘atilgan ishda Korzinka supermarketlar tarmog‘i brendi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi Anglesey Food MCHJ aybdor deb topilib, unga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima (BHMning 50−70 baravari yoki 17−23,8 million so‘mni tashkil qilishi mumkin) qo‘llash yuzasidan sudga kiritish bo‘yicha qaror qabul qilindi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Shuningdek, unga ushbu reklama bo‘yicha qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan holatlarni 1 oy muddatda bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Vakolatli organning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon sudga murojaat qilish huquqiga ega, deya qo‘shimcha qildi qo‘mita.
“Shuni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lar edikki, Raqobat qo‘mitasi barcha tadbirkorlik subyekti vakillarini mamlakat iqtisodiyoti va aholining bandligini ta’minlashdagi hissalarini qadrlagan holda, mamlakatimizda mavjud amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan qonuniy faoliyat olib borishlarini va jamiyatimizda demokratik qonuniy muhit shakllanishiga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolamiz”, — deya ta’kidlanadi xabarda.
Korzinka bayonoti
Korzinka`ning xabar berishicha, maxsus komissiya qarori va qo‘mita xabarida qayd etilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar kompaniyaga taqdim etilmagan.
17-iyul kuni qo‘mita tinglovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, unda kompaniya “qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi va barcha savollarga javob berdi”. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha maxsus komissiya qarori 5 ish kuni ichida taqdim etilishi ma’lum qilindi.
“Biz, avvalgidek, qonunchilikka zid harakat amalga oshirmaganmiz, deb hisoblaymiz. Ayniqsa, qaror matni va ko‘rsatmalar bilan tanishish imkonimiz yo‘q bo‘lgan hozirgi holatda qo‘mitaning ushbu bayonotini ham asossiz deb hisoblaymiz”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, agar maxsus komissiya qarori yozma shaklda taqdim etilsa va unga rozi bo‘linsa, kompaniya ushbu qaror ustidan 30 kun ichida sudga shikoyat qilish huquqiga ega.