Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 18−19-iyul kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ladi, deya xabar qildi Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Qirg‘iziston rahbari prezident Shavkat Mirziyoyev bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi. Tomonlar “o‘zaro manfaatli barcha sohalarda” hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.

“O‘zaro savdo hajmini oshirish, biznes va hududlar darajasida kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan foydalanish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratiladi”, — deya aniqlik kiritdi O‘zbekston prezidenti matbuot xizmati.

Ikki davlat rahbarlari Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi madaniyat kunlarining rasmiy ochilish marosimida, shuningdek, amalga oshirilayotgan ikki tomonlama loyihalarning onlayn ishga tushirilishida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston-O‘zbekiston biznes-forumi hamda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi mazkur tashrifga to‘g‘ri keladi.