Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yil yakunigacha bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar haqida gapirdi. Buning uchun 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Unga ko‘ra, 2024-yil oxirigacha 570 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash va beton qoplamali kanallar ulushini 39 foizga yetkazish kerak. Bundan tashqari, 13 ming kilometr yo‘l, 195 ta ko‘prikni foydalanishga topshirish zarur.

Joriy yilda 2 ming 152 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. Buning uchun 9 mingta xonadonli 195 ta uy-joy qurilishini tezroq boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi, deyiladi xabarda.

Prezident ichimlik suvi infratuzilmasini yaxshilashga ajratilayotgan mablag‘larning samarasini aholi kundalik hayotida his qilishi shartligini ta’kidladi. Jumladan, hududlarda 2 ming kilometr tarmoq, 99 ta suv inshooti va 1 ta oqova suv nasos stansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, davlat rahbari jamoat transporti tizimidagi o‘zgarishlarni tizimli davom ettirish bo‘yicha topshiriq berdi. Prezident Transport vazirligiga yil yakunigacha barcha viloyat markazlarida yo‘lovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirishni joriy qilish vazifasi yuklandi. Mingta avtobus olib kelish rejasini to‘liq bajarib, hududlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Jamoat transportida elektron to‘lov tizimini to‘liq joriy qilib, uni ommalashtirish Transport vazirligining ustuvor vazifalaridan biri bo‘ladi, deyiladi xabarda.