16-iyul kuni “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-257-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, Nogironlikni belgilashning quyidagi tartibi joriy etiladi:

  • 2024-yil 1-sentabrdan Toshkent shahri va Navoiy viloyatining tuman (shahar)larida bosqichma-bosqich eksperiment tariqasida, 2025-yil 1-sentabrgacha respublikaning qolgan hududlarida:
  • fuqarolarga nogironlikni belgilash bo‘yicha YAIDXP (my.gov.uz), “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari yoki ijtimoiy xodimlar orqali oilaviy shifokorlarga murojaat qilish imkoniyati яратилади;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi (TIEK) ko‘rigi uchun fuqarolarning tibbiy hujjatlarini yo‘llash oilaviy shifokorlar tomonidan elektron tarzda amalga oshiriladi;
  • “Inson” markazlari xodimlari tomonidan 18 yosh va undan katta shaxslarning funksionalligini baholash tartibi joriy etiladi. Bunda baholash natijalari 2025-yil 1-sentabrgacha nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanmaydi;
  • shaxs sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra “Inson” markazlariga borish imkoniga ega bo‘lmaganda sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash shaxsning uyida yoki davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkaziladi;
  • 2024-yil 1-oktabrdan ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlar tomonidan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlik tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan belgilanadi.

Qarorga muvofiq, 2025-yil 1-apreldan:

  • fuqarolarni TIEK ko‘rigiga yo‘llash uchun lozim bo‘lgan amaldagi davolanish muddatlari bo‘yicha talab bekor qilinadi hamda har bir kasallikning kechishi va turidan kelib chiqib alohida belgilanadi;
  • TIEK tomonidan kasbga, sportga va ta’limga tavsiya berish tartibi bekor qilinadi;
  • TIEKning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasining muddatini uzaytirish hamda maxsus jihozlangan transport vositasini boshqarish layoqatini belgilashga oid funksiyalari davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilishi orqali tugatiladi;
  • 18 yoshdan katta shaxslarga nogironlikni belgilashda nogironlikning muddati, sababi, tibbiy reabilitatsiya tadbirlari, shuningdek, protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalariga muhtojligiga oid ma’lumotlar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida shakllantiriladi.

2025-yil 1-sentabrdan tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlikni shaxs sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparatida nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishi jarayonini muvofiqlashtirish bo‘yicha vazir maslahatchisi lavozimi joriy etiladi.

Shuningdek, asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘lgan 3 ta shtat birligidan iborat sho‘’ba tashkil etiladi:

  • nogironlikning oldini olish tadbirlari amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
  • nogironlikni belgilash maqsadida shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazish uchun yuborish jarayonini muvofiqlashtirish;
  • VMK va oilaviy shifokorlar malakasi oshirilishini tashkil etish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • oilaviy shifokorlar tomonidan TIEK ko‘rigi uchun tibbiy hujjatlarni yuborish jarayonini raqamlashtirish va tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilish jarayonini muvofiqlashtirish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarga tibbiy xizmatlar, jumladan tibbiy reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini muvofiqlashtirish.

Qarorga muvofiq, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2024-yil 1-oktabrdan:

  • TIEK xodimlarini ular faoliyati samaradorligining eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) bajarilishidan kelib chiqib rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
  • ixtisoslashtirilgan (psixiatriya, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) TIEKlarning vazifalari va shtat birliklari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlarga o‘tkazgan holda tugatiladi;
  • joylardagi TIEKlarga pediatr, psixiatr, ftiziatr shtatlari ajratiladi.

2025-yil 1-aprelgacha quyidagi vazirlik va idoralar nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasbga, ta’limga va sportga yo‘naltirish tartibini ishlab chiqiqadi:

  • Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi — tarbiya va ta’limga yo‘naltirish bo‘yicha;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi — kasbga tayyorlash va yo‘naltirish bo‘yicha;
  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi — bandlikni ta’minlash bo‘yicha;
  • Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi — ommaviy sport va parasportga yo‘naltirish bo‘yicha.