Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hukumatning iqtisodiyot, moliya va kambag‘allikni qisqartirish kompleksidagi ustuvor vazifalarini belgilab berdi.

Prezident Farg‘ona viloyati misolida “juda katta resurslar hali ishga solinmaganini” ta’kidladi.

Davlat rahbari bundan buyon tuman hokimlarining o‘z hududida mahsulotni ko‘paytirish bo‘yicha hisobdorligi bo‘lishini aytdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hududiy ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha 10 ta hisobdorlik ko‘rsatkichini belgilash topshirildi.

U Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari o‘zini oqlaganini hisobga olib, ularga “yangi sur’at bag‘ishlash zarurligini” ta’kidladi. Jumladan, hali 4 ming 122 ta mahallada ixtisoslashuv darajasi pastligini qayd etdi.

Yil yakunigacha “Sayxunobod tajribasi” doirasida xonadonbay ishlash tizimi asosida har bir mahalladagi xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib berilishi belgilandi. Bu orqali 495 ming aholi bandligini ta’minlash kutilmoqda.

Mutasaddilarga ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovini 1,5 barobar oshirib, 4 trln so‘m ajratish topshirildi.

Yil yakunigacha kamida 50 ta yangi mikro-moliyalash tashkilotini ochib, ularni kreditlashga 1 trln so‘m resurs berish vazifasi qo‘yildi.

“Uychi tajribasi”, ya’ni tadbirkorlar va biznes bilan shug‘ullanish istagidagi aholi bilan manzilli ishlash tizimi asosida tuman hokimlari tadbirkorlar bilan, banklar esa mijozlari bilan muntazam uchrashib, ularga biznesini kengaytirishga ko‘maklashishi belgilandi. Bunda tuman hokimi infratuzilma masalasi, bank esa moliyaviy ko‘mak masalasi bilan shug‘ullanadi.

Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga tadbirkorlar bilan manzilli ishlash hisobiga yil yakunigacha 670 ming aholi bandligini ta’minlash muhimligini qayd etdi.

Tadbirkorlar bilan mahallabay ishlash bo‘yicha “G‘ijduvon tajribasi” asosida tuman hokimlariga yil yakuniga qadar 1 mingta mahallada vertikal o‘sadigan sanoat binolarini tashkil qilish topshirildi.

Bunday binolarda xonadonlarda tashkil qilingan, lekin kengayish imkoni bo‘lmagan ishlab chiqarishlar uchun sharoitlar yaratiladi. Ushbu sanoat markazlarining ikkinchi va undan yuqori qavatlarida ishlayotgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi.

Prezident tuman darajasida katta loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida kamida 5−7 tadan “drayver” loyiha ishlab chiqish zarurligini aytdi. Ular tumanlardagi sanoat zonalari, bo‘sh turgan davlat obyektlariga joylashtiriladi.

Eng yaxshi loyihalarga joriy yilda 500 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi. Bu orqali yana 150 ming ish o‘rni yaratish mumkin. Umuman, aytilgan 4 ta tajribani qo‘llagan holda yil yakunigacha 2 mln 416 ming aholi bandligini ta’minlash rejasini tasdiqlash topshirildi, deyiladi xabarda.

Prezident 2024-yilning birinchi olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga ko‘payganini aytgandi. budjet daromadlari 113 trln so‘mga yetib, 14 foizga o‘sgan, 1,6 mln aholi rasmiy band bo‘lgan.

Mazkur yig‘ilishda bosh vazirning 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash va 10 nafar hokimni ishdan olish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlandi.