Gaz resurslari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi Ultimo Group Limited MCHJning 50 foizlik ulushiga egalik qiluvchi tadbirkor va mazkur kompaniya direktori Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev 2024-yil aprel oyida e’lon qilingan materiallar sabab “Ozodlik” radiosining o‘zbek tahririyati hamda uning jurnalisti Lazizxon Olimov (Aziz Nur) ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi.

Mazkur ish fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudida sudya A. Rajabov raisligida ko‘rib chiqilmoqda. 12-iyul kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida da’vogar Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevning advokati Davronbek Axmatov, uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan “O‘ztransgaz” AJning ikki nafar xodimi ishtirok etdi, deya xabar bermoqda sud jarayonida qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri.

Sudda da’vogarning advokati Davronbek Axmatovning ta’kidlashicha, mazkur surishtiruvlarda aytilgan ma’lumotlarning birortasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Material tadbirkor Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevning shaxs sifatida qadr-qimmati hamda u 50 foizlik ulushdor hisoblangan Ultimo Group Limited kompaniyasining ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan. Surishtiruv ommaga namoyish etilgach, tadbirkorning ko‘plab biznes hamkorlari uning shaxsi va faoliyatini shubha ostiga olib, hamkorlikni to‘xtatgan hamda kelgusida amalga oshirish ko‘zda tutilgan bir qancha rejalar “chippakka chiqqan”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudga da’vo arizasi kiritilgan vaqtda “Ozodlik”ning YouTube`dagi sahifasida e’lon qilingan surishtiruv 1 million martadan ziyod ko‘rilgan, unga 3 800 ta izoh yozilgan bo‘lib, shundan 2 mingtasi negativ, 1 200 dan ortig‘i esa haqoratli izohlardan iborat. “Bu negativ va haqoratli izohlar albatta, o‘z izini qoldiradi, ya’ni tadbirkorga va unga tegishli bo‘lgan kompaniyaning ishchanlik obro‘si, qadr-qimmati hamda kompaniyaning biznesdagi rivojlanishiga ziyon yetkazadi”, — dedi advokat.

Da’vo arizasiga ko‘ra, surishtiruvdagi kompaniya qisqa vaqt ichida juda katta miqdorda gaz yetkazib beradigan tashkilotga aylangani haqidagi fikrlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ultimo Group Limited kompaniyasi O‘zbekiston qonunchiligi bo‘yicha 2021-yilda davlat ro‘yxatidan o‘tgan, uning 50 foizi da’vogar, ya’ni Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayevga, qolgan qismi esa Matluba Qayumova ismli shaxsga tegishli. Kompaniya xorijdan kuz-qish mavsumi hamda ulgurji iste’molchilar gazdan qiynalgan vaqtda chetdan gaz import qilib “Qizilqumsement” AJga yetkazib bergan, kompaniya o‘zbek gazini sotish yoki unda vositachilik qilmagan.

Surishtiruvda Ultimo Group Limited MCHJ BAAning Sharja shahridan ro‘yxatdan o‘tgan Ultimo Group FZE-LLC hamda Dubayda ochilgan Ultimo Group FZCO kompaniyalari bilan aloqadorligi qayd etilgan.

Tadbirkor Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev advokatining aytishicha, materialda tilga olingan BAAdagi ushbu kompaniyalar bilan bog‘liqlik mavjudligini isbotlovchi birorta ham asosli hujjat keltirilmagan. Ultimo Group Limited`ning yuqorida nomi ta’kidlangan xorij kompaniyalari bilan umuman aloqasi yo‘q va bu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Londondan Gongkongacha chalkash kompaniya tarmoqlari mavjud, deya aytilgan gaplar ham haqiqatdan yiroq, bu kompaniyaning ishchanlik obro‘siga putur yetkazish maqsadida tarqatilgan axborot, deb hisoblanishini qayd etdi advokat.

Materialda Ultimo Group Limited qisqa vaqt ichida kutilmaganda gaz shartnomalari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtakashga aylangani qayd etilgan. Da’vogar himoyachisining fikricha, kompaniya hech qachon O‘zbekiston gazini yetkazib berish, sotish yoki unda o‘rtakashlik bilan shug‘ullanmagan. “Ozodlik” kompaniya o‘rtakashligini isbotlaydigan birorta ham shartnoma, dalil hujjatlarni keltirmagan. Mazkur ommaviy axborot vositasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, noto‘g‘ri, o‘ylab topilgan va auditoriya qulog‘iga yoqadigan soxta ma’lumotlarni tarqatib, kompaniya nomi va da’vogarning qadr-qimmatini kamsitgan.

Surishtiruvda “Davlatning strategik korxonalari nega aynan qog‘ozda bor, amalda yo‘q Ultimo Group Limited MCHJdan ustama haq to‘lab, gaz olishga majbur bo‘lib qoldi? Nega hukumat tepasidagilar bu arvoh kompaniyaga bunday imtiyozni berdi? Bu MCHJ mahalliy yohud „Turkmangaz“ qazuvchisi bilan davlatning „O‘ztransgaz“ kompaniyasi o‘rtasidagi oldi-berdida nima qilib yuribdi?”, kabi savollar o‘rtaga tashlangan.

Ultimo Group Limited kompaniyasi direktorining da’vo arizasiga ko‘ra, aslida hech kimga imtiyoz berilmagan, kompaniya faoliyati litsenziya asosida amalga oshiriladi, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan. MCHJ rahbari Turkmanistonda gaz ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi kompaniyalar bilan tadbirkor sifatida kelishuvga erishib, o‘zi xaridor topyapti va gazni yetkazib beryapti. Bu gaplar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri kompaniyaning ishchanlik obro‘siga, shaxs qadr-qimmatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Materialda Ultimo Group Limited MCHJning ayni damdagi ta’sischilari shaxsiyati haqida ham so‘z boradi. Jumladan, kompaniyaning 50 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi tadbirkor Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev to‘g‘risida so‘z borarkan, “ham ismi, ham familiyasi xo‘jalar avlodidan ekanini pisanda qilayotgan bu shaxs kim bo‘lsa ekan?”, degan fikrlar aytilgan. “Ozodlik” materialida tadbirkor Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev DXXning uzoq yillik rasmiylaridan biri Shavkat Agzamxodjayevning o‘g‘li, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Agzamxo‘jayevning esa jiyani ekanligi ta’kidlanadi.

Advokatning aytishicha, surishtiruvdagi bu ma’lumotlar ham tadbirkorning shaxs sifatidagi qadr-qimmatiga putur yetkazgan. “Shaxsga oid ma’lumotlar nega keltirilgan? Oilasini, ota-onasining qayerda ishlaganligi bunga nima aloqasi bor?”, — dedi himoyachi.

Ultimo Group Limited kompaniyasi direktori da’vo arizasida “Ozodlik”da e’lon qilingan surishtiruvda aytilgan yana qator punktlarga e’tiroz bildirgan.

Da’vogar advokati Davronbek Axmatovning qayd etishicha, u “Ozodlik” radiosining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ko‘rsatilgan raqamlarga: Pragadagi bosh ofisi telefon raqamlariga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilgan, ammo o‘zbek xizmati tahririyati uning qo‘ng‘iroqlariga javob bermagan, bog‘lana olmagan. Ma’lum vaqt o‘tib, advokat javobgarlardan biri “Ozodlik” jurnalisti Lazizxon Olimov (Aziz Nur) bilan telefon orqali muloqot qilgan, unga sudga da’vo arizasi kiritilgani, ish bo‘yicha “Ozodlik” radiosi va uning jurnalisti Lazizxon Olimov ham javobgar ekanligi hamda ularni yoki vakillarini sud majlisida qatnashishini so‘rgan. Biroq, sud majlisida ushbu OAVdan birorta ham vakil qatnashmadi.

Sudyaning aytishicha, sud tomonidan “Ozodlik” radiosining elektron pochtasiga da’vo arizasi nusxasi va chaqiruv qog‘ozi yuborilgan hamda qabul qilingani haqida xabar kelgan. Lekin o‘zbek tahririyati xodimlari yuborilgan hujjatlarni o‘qigan yoki o‘qimaganligi to‘g‘risida aniq ma’lumot mavjud emas. Shuningdek, jurnalist Lazizxon Olimov (Aziz Nur)ning Toshkentdagi uyiga chaqiruv qog‘ozi jo‘natilgan. Ammo uning onasi farzandi u bilan birga yashamayotganligini aytib, chaqiruv qozog‘ini qabul qilib olmagan.

Da’vo arizasida yozilishicha, Ultimo Group Limited kompaniyasi direktori Tuhfatxo‘ja Anvarxo‘jayev “Ozodlik” radiosidan raddiya e’lon qilish hamda ma’naviy zarar uchun 100 million so‘m undirishni talab qilmoqda.

Sud ishga oid dalillar yetarli emasligi sababli 19-iyul, juma kunigacha tanaffus e’lon qildi. Sudya jarayonga Ultimo Group Limited kompaniyasining 50 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Matluba Qayumova hamda javobgar “Ozodlik” radiosi vakillarini jalb qilinishini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Ultimo Group Limited kompaniyasi 2021-yilning 10-martida tashkil etilgan bo‘lib, oradan bir oy o‘tib, “Qizilqumsement” bilan 315 milliard so‘mlik (30 million dollarga yaqin) shartnoma imzolagan.

Sinoimex veb-saytiga ko‘ra, Ultimo Group Limited 2021−2022-yillarda “Turkmangazdan” gaz sotib olgan.