17-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida Amerika texnologiya universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda mazkur oliygohni ochish masalasi Shavkat Mirziyoyev hamda Cintana ta’lim kompaniyasi asoschisi va raisi Duglas Bekker o‘rtasida o‘tgan yilning sentabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingandi. So‘ngra prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Arizona davlat universiteti va Cintana Education kompaniyasi o‘rtasida Toshkentda universitet tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolangan.

O‘zbekistonda Vebster universitetidan keyin ikkinchi Amerika oliy o‘quv yurtiga aylanadigan xususiy OTM 2024/2025 o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlaydi. Universitet “akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqil oliy ta’lim tashkiloti” bo‘ladi. U yerda talabalarni o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda qabul parametrlari va talabalarni o‘qitish uchun to‘lov-kontrakt summasi universitet tomonidan belgilanadi.

Universitet muhandislik, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun oliy ma’lumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlashi kerak.

Bitiruvchilarga Arizona davlat universitetining yoki AQShda tan olinadigan hamkor xorijiy oliy ta’lim tashkilotining diplomi beriladi. Bunda bitiruvchilarga berilgan diplom O‘zbekistonda ham tan olinadi.

Talabalarga qo‘shma ta’lim dasturlarining xorijiy universitetda o‘qish qismini bakalavriatda “3+1”, magistraturada “1+1” va boshqa shaklda, jumladan, masofaviy tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Cintana Education universitetni tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 2024−2030-yillarda 30 mln dollar, 2030−2035-yillarda 20 mln dollari miqdorida investitsiya kiritish hamda investitsiyalarning kamida 50 foiziga OTM moddiy-texnika bazasini shakllantirish majburiyatini oldi.

Universitetga Arizona davlat universiteti hamkor sifatida jalb etiladi hamda unda ta’lim jarayoni hamkor universitetning andazasi, o‘quv-metodik va texnologik qo‘llab-quvvatlashi asosida tashkil etiladi.

Kompaniya, shuningdek, universitetning kutubxona fondini shakllantirishi, uni zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirishi hamda talabalar uchun Arizona davlat universitetining kutubxona fondidan foydalanish imkoniyatini yaratishi kerak.

Oliygoh Toshkent shahrining Beshyog‘och ko‘chasi 1-uy manzilidagi bino-inshootlarda 49 yil muddatga ijaraga joylashtiriladi.

Qaror bilan, Prezident administratsiyasining Ijtimoiy rivojlantirish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov rahbarligida yangi universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yish va muvofiqlashtirish bo‘yicha boshqaruv kengashini tuzish ma’qullandi. Kengashga universitetni rivojlantirish dasturi, maqsadli ko‘rsatkichlari loyihasini ko‘rib chiqish va kelishish, oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosi, maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish holatini nazorat qilib borish va yillik hisobotlarni qabul qilish, ta’sischilarning investitsiyaviy va boshqa majburiyatlari bajarilishi yuzasidan monitoring olib borish, rektor va prorektorlar lavozimiga tavsiya etilayotgan nomzodlarni ko‘rib chiqish va xulosa berish, o‘z ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashga ruxsat berish kabilar topshirildi.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-sentabrga qadar universitet kampusini qurish uchun Toshkent shahri hududidan belgilangan tartibda zarur yer maydoni ajratilishi lozim.