AQSh prezidenti Jo Baydenda COVID-19 testi natijalari ijobiy chiqdi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

“Bugun tushdan keyin mening COVID-19 uchun testim ijobiy chiqdi, lekin o‘zimni yaxshi his qilyapman va barchaga yaxshi tilaklar uchun rahmat”, — deb yozdi Bayden.

Oq uyning aniqlik kiritishicha, prezident bir necha bor emlangan va kasallikning yengil belgilari — burun oqishi va yo‘talni boshdan kechirmoqda. Hisobotda ta’kidlanishicha, Bayden o‘zining uyi joylashgan Delaver shtatiga qaytadi va izolyatsiyalangan holda ishlashda davom etadi.

  • Bayden avval ikki marta COVID-19 bilan kasallangan. Oxirgi marta u 2022-yil iyul oyida koronavirusga chalingandi.
  • Baydenning koronavirus yuqtirib olishi respublikachi nomzod Donald Tramp bilan omadsiz kechgan debatdan keyin uni poygadan chiqishga chaqiriqlar kuchayib borayotgan bir paytda yuz berdi. 81 yoshli prezidentning omadsiz chiqishi Demokratik partiyada vahima va, uning yoshi inobatga olinsa, nomzodini qo‘yish kerakmi, degan fikrlarni keltirib chiqardi. Ko‘plab yetakchi siyosatchilar va demokratlar tarafdorlari uni prezidentlik saylovlaridan voz kechishga chaqirgan, biroq Bayden hozircha buni rad etmoqda.