Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladi. Tashrif davomida 16 ta hujjat imzolandi, jumladan:

  1. Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-hordiq xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim;
  2. Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
  3. O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma;
  4. Qurilish faoliyati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  5. Mehnat, aholi bandligi va migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  6. Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  7. Davlat xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
  8. 2024−2030-yillarda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  9. 2024−2026-yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
  10. 2024−2026-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
  11. 2024−2026-yillarda Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;
  12. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iz Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasidagi memorandum va boshqalar.

Sadir Japarov bilan bo‘lgan tor va kengaytirilgan doiradagi uchrashuvlarda Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga kuchli va farovon qo‘shni — Qirg‘iziston kerakligini ta’kidladi. Japarov esa O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash Qirg‘iziston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanini aytdi.

Shuningdek, uchrashuvlar davomida Qirg‘izistonning Chuy viloyatida O‘zbekiston hamkorligida Cobalt, Onix va Tracker avtomobillarini ishlab chiqarish zavodi ishga tushgani xabar qilindi.