O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 17-iyul kuni “Avtomobil yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Hujjat Yo‘l harakati qoidalariga, jumladan, skuterlar, elektrosamokatlar va boshqa individual harakatlanish vositalari (IHV) harakatini tartibga solishga o‘zgartirishlar kiritadi.

Hujjat YHQga skuter tushunchasini kiritdi — bu elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan ortiq, biroq 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (to‘rt) g‘ildirakli skuterlar va ularga tenglashtirilgan transport vositalari. Xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan kvadrotsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishiga moslashtirilgan boshqa transport vositalari skuterlarga tenglashtirildi. Skuterda harakatlanayotgan haydovchi hamda yo‘lovchilar maxsus motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari shart.

Dastlab, loyihada tezlikning 50 km/soatgacha bo‘lgan chegarasi haqida yozilmagan edi, uning o‘rniga dvigatelning hajmi (agar u ichki yonuv dvigateli bo‘lsa) 25 kub santimetrdan ko‘proq bo‘lishi belgilangandi.

Bundan tashqari, elektromototsikl tushunchasi ham joriy qilindi. Elektromototsikl — bu elektrodvigatelining quvvati 4 kilovatt va undan oshadigan, konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometr va undan oshadigan yon tirkamasiz yoki yon tirkamali (kajavali) ikki yoxud uch (to‘rt) g‘ildirakli transport vositasi.

Individual harakatlanish vositalariga esa dvigatel (dvigatellar) (elektrosamokat, elektr skeytbordlar, segveylar, unitsikllar, monog‘ildirakva boshqa shunga o‘xshash vositalar) yordamida odamning individual harakatlanishiuchun mo‘ljallangan bir yoki bir nechta g‘ildiraklari (roliklari) bo‘lgan transportvositasi kiradi.

Qaror bilan quyidagilar taqiqlanadi:

  • velosipedchilar uchun tasma yoki piyoda va velosiped yo‘lkasi mavjud bo‘lganda (ularda harakatlanishining imkoni bo‘lmagan holatlar bundan mustasno) yo‘lning qatnov qismida, yo‘l yoqalarida yoki qatnov qismining chetida harakatlanish;
  • uzunligi yoki kengligi 0,5 metrdan ortiq tashqariga chiqadigan yoki boshqaruvga xalaqit beradigan yuklarni tashish;
  • piyodalar o‘tish joyida harakatlanishi (individual harakatlanish vositalarini yetaklab o‘tish holatlari bundan mustasno);
  • 14 yoshdan kichik shaxslarning boshqarishi (turar joy dahalari, istirohat va hayvonot bog‘lari, bolalar maydonchalari, ko‘ngilochar joylarda hamda yopiq hududlarda boshqarish bundan mustasno);
  • spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoxud kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mast holatda, sezgirlik va e’tiborni susaytiradigan dori-darmonlar ta’sirida, yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soladigan charchoqlik va betoblik holatida boshqarish;
  • bir yoki bir nechta individual harakatlanish vositalarini shatakka olish;
  • tormoz tizimi, rul boshqaruvi, tovushli ishorasi, shuningdek, sutkaning qorong‘i vaqtida yoki ko‘rinish cheklangan vaziyatlarda nosoz fara chiroqlari yoki fonarlar hamda orqa fara chiroqlari ishlamaydigan yoki nur qaytargichlar bilan jihozlanmagan individual harakatlanish vositalarini boshqarish;
  • rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish (rul boshqaruvi mavjud bo‘lgan individual harakatlanish vositalari uchun);
  • odam tashish;
  • telefondan foydalanish.

Individual harakatlanish vositalari old tomonidan fara chiroqlari va orqa tomonida ogohlantirish chiroqlari yoki nur qaytargichlar bilan jihozlangan bo‘lishi shart.

Individual harakatlanish vositalarini boshqaradigan shaxslar harakat davomida yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi, trotuarlardan, piyodalar yo‘lkalaridan, piyoda va velosiped yo‘lkalaridan soatiga 10 kilometr tezlikdan yuqori bo‘lmagan holatda, ular bo‘lmaganda esa yo‘lning o‘ng chetki qismida soatiga 20 kilometr tezlikdan (dastlab loyihada 6 km/soatgacha bo‘lishi taklif qilingan edi) yuqori bo‘lmagan holatda harakatlanishi, turar joy dahalaridan chiqish vaqtida boshqa harakat qatnashchilariga yo‘l berishi, qat’iy ravishda harakat yo‘nalishi bo‘yicha boshqarish kerak, deyiladi hujjatda.

Shuningdek, yangi yo‘l belgilari joriy etilmoqda:

individual harakatlanish vositalari, skuter, elektromototsikl, elektrosamokatlar

3,34. “Individual harakatlanish vositalarini boshqarish taqiqlangan”

individual harakatlanish vositalari, skuter, elektromototsikl, elektrosamokatlar

3.5,1. “Skuter va mopedlar harakatlanishi taqiqlangan”

Avvalroq davletovuz Telegram kanali muallifi, bloger Qobil Xidirov takliflarga izoh berar ekan, “shaharlarni yoppasiga egallab olayotgan skuterlar faoliyati allaqachon tartibga solinishi kerak bo‘lgani”, biroq yangi tartib-taomillar “yana piyodalar haqi evaziga amalga oshirilayotgani”ni qayd etgandi.

“Shundoq ham piyodaning yo‘lagi tor, unga mashina parkovka qilgan, kundan-kun ommalashayotgan “dostavka”chilar chiqib olishgan, mana endi, elektr samokat yurishi ham mumkin bo‘lmoqda (aslida yuribdi). Piyoda, ayniqsa, yosh bolasi bilan trassada yurdi nima — piyoda yo‘lagida yurdi nima — yana yuragini hovuchlab yurishga majbur bo‘lyapti”, — deb yozadi u.

Blogerning fikricha, velosipedlar, skuterlar va boshqa IHVlar uchun infrastruktura avtomobil yo‘li qismidan ajratilishi, shart-sharoit yaratib berilishi kerak.

“Piyodaning yo‘lagini tinch qo‘yinglar! Yana bir gap. Sayilgoh, bog‘lar, anhor bo‘ylarida esa elektr skuter, elektr samokat degan baloni mutlaqo taqiqlash kerak. Sal e’tiborsiz qolsangiz, yanchib o‘tib ketadi. Ishonmasangiz, yurib ko‘ring. U joylar halovat uchun, xavfsirab yurish uchun emas”, — dedi u.