FIFA 18-iyul kuni terma jamoalar reytingini yangiladi. Unga ko‘ra O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1 pog‘onaga yuqorilab, 1397,41 ochko bilan 61-o‘rinda qayd etildi.

Milliy terma jamoa Osiyoda Yaponiya (18-o‘rin), Eron (20), Janubiy Koreya (23), Avstraliya (24), Qatar (34), Iroq (55) va Saudiya Arabistondan (56) keyin 8-o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston 20-iyundan to 18-iyulgacha FIFA ochkolarini jamg‘armagan.

Reytingdagi o‘zgarishlar Yevropa va Amerika jamoalarining ochko to‘plashi va yo‘qotishi sababli ro‘y bergan. Shu jumladan, Paragvay ikki reyting davrida 30,1 ochko yo‘qotib (terma jamoa Kopa Amerikaning guruh bosqichida 3 marta mag‘lub bo‘ldi), 4 pog‘onaga pastlab, 1396,8 ochko bilan 62-o‘rinni egalladi. 1397,41 ochkoga ega O‘zbekiston esa shu orqali bir pog‘ona ko‘tarildi.

Reytingni Argentina, Fransiya va Ispaniya (5 pog‘onaga ko‘tarildi) terma jamoalari boshqarib bormoqda. Kuchli o‘nlikda, shuningdek, Angliya (+1), Braziliya (-1), Belgiya (-3), Niderlandiya, Portugaliya (-2), Kolumbiya (+3) va Italiya joy olgan.