Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni Eronning yangi saylangan prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev “Mas'ud Pezeshkiyonni bo‘lib o‘tgan prezident saylovidagi g‘alabasi bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli davlat lavozimida katta muvaffaqiyatlar tiladi”.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Eron munosabatlarini yanada rivojlantirish, savdo, investitsiya va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmi, qo‘shma loyiha va korxonalar, aviaqatnovlar soni ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar avvalroq ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi hamda energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlardagi hamkorlik loyihalarini ilgari surish muhimligini qayd etdi.

Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi, deyiladi xabarda.

Mas’ud Pezeshkiyon Eronning avvalgi rahbari Ibrohim Raisiy may oyida vertolyot halokatida vafot etganidan keyin prezident etib saylangan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev uni g‘alaba bilan tabriklar ekan, O‘zbekiston so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan katta salohiyat va imkoniyatlarga ega Eron bilan turli sohalarda hamkorlikni yanada izchil va samarali kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagandi.