O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, Chuy viloyatida zamonaviy yengil avtomobillar va tijorat texnikalari ishlab chiqaruvchi Tulpar Motors zavodi ishga tushirildi. Xususan, u yerda Cobalt, Onix va Tracker rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yig‘iladi.

uzauto motors, садир жапаров, шавкат мирзиёев, қирғизистон

Kabar.kg ma’lum qilishicha, shu bugunning o‘zida Chuy viloyatining Moskva tumanida Tulpar Motors avtomobil yig‘ish zavodining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vaziri o‘rinbosari Aynura Usenbekova va UzAuto Motors bosh direktori Bu Anderson ishtirok etdi.

O‘zbek ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlikda ish boshlagan zavodda yengil avtomobillardan tashqari Isuzu shassisi asosidagi yuk avtomobillari, Isuzu D-MAX pikaplari, SAZ LE60 past polli shahar avtobuslari va SAZ HD50 shaharlararo avtobuslari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Zavod quvvati yiliga 10 ming, keyinchalik 30 ming dona avtomobilgacha kengaytiriladi. Ishlab chiqarish mingdan ortiq ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Zavod qurilishi 2023-yilning may oyida boshlangan bo‘lib, uning umumiy maydoni 4,5 gektarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat prezidentlari Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berildi. Ushbu stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Qora-Balta shahrida tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Korxonaga zamonaviy texnologik uskunalar yetkazib berilib, o‘rnatildi.

“O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari ushbu loyihalar mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar”, — deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.