Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi shu’ba korxonasi bo‘lgan Lukoil Overseas Supply and Trading (Kipr) korxonasi O‘zbekistonda narx manipulyatsiyaga yo‘l qo‘ygani isbotlandi, deb xabar bermoqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.

Avval xabar berganimizdek, ushbu korxonaga birja orqali mahsulotlarni sotishda texnik oltingugurt narxi manipulyatsiyasi (buning ortidan uning narxi o‘rtacha 10 foizdan 50 foizgacha ko‘tarilgan) alomatlari bilan ish ochilgandi.

Xususan, 10-iyunda texnik oltingugurtning birja narxi 220,9 ming so‘m bo‘lsa, 20-iyun kuni bir tonnasi 276,6 ming so‘mga ko‘tarilgan. 28-iyunda narx 52 ming so‘mgacha pasaygan, keyingi savdo sessiyasida esa bir tonna uchun 280 ming so‘mga oshgan.

Kompaniyaga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan nizomni buzganlik belgilari bilan ish qo‘zg‘atilgan.

Raqobat qo‘mitasining yangi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya ushbu qonun va nizomni buzgani tasdiqlangan. Shu sababli asossiz olingan malbag‘ni qaytarish qarori qabul qilingan.

“Qonun buzilishlarini bartaraf etish va keyinchalik yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi”, — dedi qo‘mita.

Lukoil Overseas Supply and Trading LTD 2010-yil aprel oyida bir qator gaz konlarining mahsulot taqsimoti bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish jarayonida qo‘shma mahsulotlarni sotish uchun marketing kompaniyasi sifatida tashkil etilgan. O‘zbekistonda texnik oltingugurt birja bozoriga 2015-yilda kirgan. Bugungi kunda kompaniya “O‘zbekneftgaz” bilan birgalikda texnik oltingugurt bozorida ustunlik qiluvchi korxonalar reyestriga kiritilgan.

Texnik oltingugurt o‘g‘itlar, pestitsidlar, rezina buyumlar, farmatsevtika, bo‘yoqlar, portlovchi moddalar va boshqa kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llanadi. Oltingugurt neft va gazni qayta ishlashda, qog‘oz, to‘qimachilik mahsulotlari va plastmassa ishlab chiqarishda ham ishlatiladi.