“Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi.

Qarorga ko‘ra, investor Sayar LLC kompaniyasi (AQSh) tomonidan investitsiya loyihasi doirasida Sayar green MCHJ shaklidagi xorijiy korxona ta’sis etilgan. U loyiha kompaniyasi bo‘lib xizmat qiladi.

️Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida investor, loyiha kompaniyasi va hukumat — Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tuzilgan investitsiya shartnomasi tasdiqlandi.

Shu munosabat bilan 2024-yil 1-avgustdan tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilari to‘liq hajmda loyiha kompaniyasiga topshiriladi.

Shu sanadan e’tiboran loyiha kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarda tibbiyot muassasalari tomonidan sotib olinishi ta’minlanadi. Bunda issiqlik energiyasi boshqa shaxslarga ham belgilangan tartibda yetkazib berilishi mumkin.

Investitsiya loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda joylashgan barcha turdagi tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan tibbiyot chiqindilarini loyiha kompaniyasiga to‘liq yetkazib berish bo‘yicha talabga rioya etmaslik sanitar osoyishtalik va chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish davomida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik hisoblanadi.