Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasida poytaxtning yangi hududi — Yangi Toshkentni qurish ko‘zda tutilgan. Shahar 20 ming gektar maydonni egallaydi. 1000 gektar maydondagi dastlabki yer uchastkalari joriy yilda sotuvga chiqariladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Saidazim Sharipov 25−28-aprel kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tgan “CAEx Real Estate 2024” ko‘rgazmasida ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” muxbiri Sabina Bakayeva Saidazim Sharipov bilan Yangi Toshkentning chegaralari, shahar planirovkasi, poytaxtning yangi ma’muriy birligining energetika tizimi, transporti va ekologiyasi haqida suhbatlashdi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Suhbatning video versiyasiga havola — matn oxirida.

— Yangi Toshkentning maydoni 20 ming gektarni tashkil etadi. Shahar aholisi uning chegaralari qayerdan o‘tishini haligacha tushunolgani yo‘q. Chegaralar Toshkent viloyatining Parkent yoki Chirchiq shahrigacha boradimi?

— Yangi Toshkent hududi mavjud Toshkentning sharqiy qismi bilan tutashadi. Toshkentning sharqiy chegarasi 4P12 avtomagistrali bilan belgilanadi. Shu yerdan Yangi Toshkentning g‘arbiy qismi boshlanadi. Shimoliy chegara Yangibozor shahrining quyi chegaralarida tugaydi. Sharqiy chegara Qorasuv daryosi bo‘ylab o‘tadi. Janubda shahar taxminan Toshkent tugaydigan joyga borib tutashadi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

— Yer uchastkalari sotuvini bu yil boshlash ko‘zda tutilgan ekan, muayyan hududning bosh rejasi tuzib chiqilayotgani ham ehtimoldan xoli emas. Bu qancha maydonga ega bo‘lgan hudud?

— Prezidentga 20 ming gektarning Toshkent tomoniga tutash yana 5 ming gektarlik hudud bilan umumiy konsepsiyasini taqdim etdik. Hozirda 6 ming gektarlik hudud uchun birinchi bosqichning bosh rejasini ishlab chiqdik. Ushbu 6000 gektarlik hudud ichida 1000 gektarning batafsil planirovkasi loyihasi tayyorlandi. Ya’ni, bu yil sotuvga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan yer uchastkalari 1000 gektarlik hudud ichida joylashadi.

2024-yil 13-may holatiga ko‘ra, ikkita yer uchastkasi allaqachon sotuvga qo‘yilgan.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Yangi Toshkentning bir qismi vizualizatsiyasi. Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

— Shaharning planirovkasi qanday bo‘ladi: mavzelarga bo‘lingan, radial, aralash?

— Toshkent — juda betakror shahar. Unda siz shahar planirovkasining shaharsozlik tarixida mavjud barcha turlarini uchratasiz. Shaharning markaziy qismi asosiy o‘q bo‘ylab magistral ko‘chalarga ega radial uslubda, qolgan qismi esa katak (ko‘chalar to‘g‘ri burchak ostida kesishgan) uslubda planirovka qilingan. Bizda sovet mavzelari, kichik tumanlar, rejalashtirilgan va tarixiy mahallalarni ham uchratish mumkin.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Toshkent shahri va xalqaro tajribani o‘rganib, shuni aytishim mumkinki, diagonaliga kesib o‘tgan asosiy ko‘chalar bilan katak uslubidagi planirovka bugungi kunda shahar makonini tashkil etishning eng samarali yo‘li hisoblanadi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Barselonadagi diagonal ko‘chalar bo‘ylab joylashgan mavzelar uslubidagi planirovka.

Planirovkaning barcha shakllari qulay harakatlanishni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Masalan, radial planirovka miloddan avvalgi II asrdan beri ma’lum, lekin XV-XVIII asrlarda ommalashgan. Asosiy shaharlar aynan shunday planirovka asosida qurilgan. Keyinchalik sovet shaharlarini qurishda ushbu an’ana davom ettirildi. Biroq, muammo shundaki, radial shahar shaharning aholiga zarur bo‘lgan barcha asosiy funksiyalari markazda joylashgan, turar-joy binolari esa markaz atrofida joylashgan holdagina piyodalar uchun qulay. Radial planirovkaning mohiyati shundan iboratki, har bir shaxs o‘ziga kerakli xizmatlarga eng qisqa yo‘l bilan yetib olish imkoniga ega bo‘ladi.

Sanoat inqilobidan keyin shaharsozlar motorli transport vositalarida harakatlanishni osonlashtirish maqsadida katakli planirovkadan foydalana boshladilar.

Shundan so‘ng planirovkaning katak-diagonal shakli rivojlana boshladi. Qiziqarli misollar qatoriga Barselona va AQSh poytaxti Vashingtonni kiritish mumkin. Bunda katak shaklida joylashgan mavzelarni diagonal ko‘chalar kesib o‘tadi, shunda chorrahalarda nafaqat chapga va o‘ngga burilish, balki diagonal bo‘ylab ham harakat qilish mumkin.

Ushbu shakllarni o‘rganar ekanmiz, ularni birlashtirish kerak, degan xulosaga keldik. Shunga qaramay, katakli planirovka asos qilib olinadi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Vashington shahri planirovkasi. Manba: AQSh Kongressi kutubxonasi.

Ekologik karkas, piyodalar va velosiped infratuzilmasini shakllantirish uchun jamoat bog‘lari, qirg‘oq, velosiped va piyodalar infratuzilmasini birlashtirgan organik karkasni yaratamiz.

Yangi Toshkent hududida bir necha o‘n yillar davomida shakllangan mahallalarni saqlab qolamiz. Ularni umumiy konsepsiyamizga qo‘shish niyatidamiz. Shaharning ayrim joylarida hududda shakllangan tarixiy mahallalarga alohida to‘xtalib o‘tiladi. Biz nusxa ko‘chirish istagida emasmiz, balki tarixiy shaharni zamonaviy versiyada eslatib turmoqchimiz.

— Mavzelarning o‘lchami qanday bo‘ladi?

— Mavzelarning o‘lchami turlicha bo‘lgan turli shaharlarning o‘ziga xos afzallik va kamchiliklari bor. Ko‘chalar qanchalik zich bo‘lsa, asfaltlangan hudud shunchalik ko‘p bo‘ladi. Masalan, Amerikaning Portlend shtatida mavzelarning o‘lchami 60 metr.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Portlend shahri planirovkasi.

Qiziqarli misol — 120 ga 120 metr o‘lchamdagi mavzelarga ega bo‘lgan Barselona. Bu piyodalar uchun qulay, biroq avtomobil foydalanuvchilari uchun unchalik qulay emas. Shuning uchun ular superblokka o‘xshash yechim taklif qilib, shaharni isloh qilishmoqda. Bunda bir nechta bloklar bitta superblokga birlashtiriladi, uning ichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kesib o‘tiladigan yo‘l bo‘lmaydi va avtomobillar harakati taqiqlanadi, ushbu superblok aholisini tashish bundan mustasno. Bu yondashuv Barselonada juda yaxshi ishlaydi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Barselona. Foto: city4people.ru

Nyu-Yorkda mavzelarning o‘lchami taxminan 275 ga 120 metrni tashkil qiladi. Bular piyodalarga mo‘ljallangan tor ko‘chalar bilan ajratilgan juda uzun bloklardan tashkil topgan. Biroq, kamchiliklari ham bor: 120 metr piyodalar uchun qulay bo‘lishiga qaramay, avtomobillar uchun juda qisqa masofa. Shuning uchun Nyu-Yorkda bir tomonlama harakat juda ommalashgan — bu transport muammosini hal qiladi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Nyu-York. Manba: Google Maps.

Endi, keling, Toshkentdagi mavzelar o‘lchamini tahlil qilib ko‘ramiz. Sovet kichik tumanlarining taxminiy o‘lchami 700 metrni tashkil qiladi. Barselonaning superbloklari singari, ularda mashinalar uchun hech qanday o‘tish joyi yo‘q. Mavze ichidagi ko‘chalar yo boshi berk, yo bo‘lmasa transportni chapga yoki o‘ngga yo‘naltiradi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Google Maps.

Shunday mahallalar borki, ularda 60−100 metr o‘lchamli mavzeni ajratuvchi ko‘chalar kesishmasi shakllangan. Eski mahallalarda to‘g‘ri chiziqli ko‘chalarni topish qiyin, biroq Eski shaharni bir necha mahallaga ajratib turuvchi asosiy ko‘chalarning umumiy o‘lchamiga qaralsa, ular orasidagi masofa taxminan 400−600 metrni tashkil qiladi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Toshkent shahridagi “Eshonguzar” mahallasi. Manba: “Yandeks” xaritalari.

Mavzelar uchun turli o‘lchamlarni tahlil qilar ekanmiz, mavzening o‘lchami 400−500 metr bo‘lsa, piyodalar va transport uchun qulay bo‘ladi, degan xulosaga keldik. Mavze ichida odam 5 daqiqadan kamroq vaqt ichida mavzening jamoat transporti va turli xizmatlar mavjud bo‘lgan istalgan qismiga yetib borish imkoniga ega bo‘ladi.

Biz Barselona tajribasini o‘zimizga olib, mintaqamizga moslashtirdik. Bizda bu supermahalla shaklida bo‘ladi. Uning ichida odamlar, piyodalar, velosipedchilar, shu mahalla aholisi uchun qulay makon yaratiladi. Shaxsiy transport vositasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri kesib o‘tish cheklanadi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

Shuningdek, 15 daqiqalik shahar konsepsiyasini joriy etish niyatidamiz. Bunda tezyurar transport (metro, tramvay, BRT — tezyurar avtobus) bekatlari va xizmatlar (do‘konlar, poliklinikalar, dorixonalar, maktablar, bolalar bog‘chalari) piyoda 15 daqiqada yetib olish mumkin bo‘lgan radiusda joylashadi.

— Yangi Toshkentning asosiy me’moriy uslublari qanday bo‘ladi?

— Me’moriy uslublar binolarning vazifasi, joylashuvi va turlaridan kelib chiqqan holda turlicha bo‘ladi. Biz Yangi Toshkent me’morchiligini XXI asr zamonaviy o‘zbek me’morchiligi deb bilamiz. Bu zamonaviy arxitektura, shu bilan bir vaqtda, O‘zbekiston me’morchiligining boy tarixiga ishora qiladi. Bu bir necha ming yilliklar davomida shakllangan va mintaqaning iqlim xususiyatlarini hisobga olgan zamonaviy materiallar va an’anaviy yondashuvlar va elementlarning sintezidir. Ana shu asosiy elementlarni birlashtirib, O‘zbekistonning zamonaviy me’morchiligiga ega bo‘lamiz.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

— Yig‘ilishda an’anaviy qurilish bilan bog‘liq, ichki hovlili va derazalari faqat shu hovliga qaragan bino singari me’moriy xususiyatlarga to‘xtalib o‘tdingiz. Aytishingizga qaraganda, bu salqin haroratni ushlab turish maqsadida qilingan ekan. Bunday tarixiy tushunchani bugungi kunda zamonaviy savdo majmualari, ko‘p qavatli turar-joy majmualari, kutubxonalar va boshqa jamoat binolariga qanday tatbiq etish mumkin?

— Arxitektura va shaharsozlikda jamoat joyi va xususiy joy, shuningdek, semi-private (yarim xususiy) va semi-public (yarim jamoatchilik) deb ta’riflanuvchi o‘tib ketiladigan joy kabi tushunchalar mavjud.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Hammasi bo‘lib to‘rtta toifa mavjud:

  • jamoat joyi — ko‘cha;
  • yarim jamoat joyi — savdo markazlari yoki savdo markazining hamma kirishi mumkin bo‘lgan, biroq faqat savdo markazi orqali kirish mumkin bo‘lgan hududi;
  • xususiy joy — xususiy hududlar;
  • yarim xususiy joylar — masalan, universitet, undan faqat talabalar va o‘qituvchilar foydalanishi mumkin.

An’anaviy o‘zbek me’morchiligi haqida gap ketsa, unda asosan xususiy va yarim xususiy joy turlaridan foydalanilgan. Bu bizning mintaqamizning o‘ziga xosligi. Bu din, mentalitet va, tabiiyki, issiq iqlim bilan bog‘liq. Bu yerda gap asosan mikroiqlimni saqlab qolish maqsadida qurilgan ixcham hovlilar haqida bormoqda. Ular qanchalik kengaysa, salqinlikni saqlash imkoni shunchalik kamayadi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

Shahar yuqoriga ko‘tarilar ekan, zamonaviy qurilish materiallari va texnologiyalari imkoniyatlari vositasida makonni kengaytirar ekanmiz, uning o‘ziga xos xususiyligini yo‘qotamiz. Bu juda falsafiy mavzu, chuqurlashishni istamayman. Biroq savolingizga qisqacha javob berish uchun quyidagilarni aytish bilan cheklanaman.

Biz Yangi Toshkentda ekologik toza shahar qurmoqchimiz. Gap nafaqat yashil shahar haqida, balki zamonaviy materiallar, zamonaviy qurilish usullaridan foydalanish haqida bormoqda, zero ular yordamida hovli qurmay mikroiqlim, mikromakon, shaxsiy makon yaratish mumkin. Tabiiyki, hamma joyda faqat ochiq yoki yopiq joylar qurishni istamaymiz. Bu binoning vazifasiga qarab aralash bo‘ladi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

— Arxitekturaning ekologik tozaligi, shaharning ekologik tozaligi va Yangi Toshkent qurilishiga qanday falsafa bilan qaralayotganiga umumiy to‘xtalib o‘tsangiz.

— Ekologik tozalik qurilishning barcha sohalariga taalluqli. Ko‘pchilik buni yashil maydonlar va istirohat bog‘lari sifatida tushunadi, biroq bu faqat bitta tarkibiy qism va buni hisobga olamiz. Loyihaga ko‘ra, Yangi Toshkent hududining 23 foizi umumfoydalanishga mo‘ljallangan yashil maydonlar uchun ajratiladi. Bundan tashqari, bizda tashkilotlarga o‘z hududining bir qismini daraxt ekish uchun ajratish talabi qo‘yiladi.

Masalan, universitet hududining 50 foizi yashil maydonlar yaratish uchun ajratilishini talab qilamiz. Va bu ko‘rsatilgan 23 foizdan tashqari, chunki universitet hududi yarim jamoat joyi bo‘lib, unga kirish hamma uchun ham ochiq bo‘lmaydi. Xususiy hududlarni hisobga olganda, yashil maydonlar salmog‘i 23 foizdan sezilarli darajada oshadi.

Hozirda sokin jamoat bog‘i qurilishini boshladik, toki odamlarda ko‘chaga chiqish, sayr qilish va xordiq chiqarish imkoni bo‘lsin. Bu butun Yangi Toshkent asosiy yashil karkasining bir qismi hisoblanadi. U sun’iy kanalga hamda istirohat bog‘larida uchratish mumkin bo‘lgan boshqa turli xususiyatlarga ega bo‘ladi. Ushbu ekologik tuzilma butun Yangi Toshkent hududini qamrab oladi. Ya’ni, siz sayrni bog‘ning bir qismida boshlab, velosipedda kanal va bog‘ bo‘ylab shaharning boshqa qismiga yetib olishingiz mumkin. Bundan tashqari, har bir blokning jamoat bog‘i ko‘rinishidagi o‘ziga xos yashil hududi bo‘ladi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

Ekologik tozalik, shuningdek, shahar bo‘ylab qanday transport vositalari harakatlanishi bilan bog‘liq. Biz jamoat transportiga ustunlik berish, shu tariqa atmosferaga chiqindilar va shaxsiy avtomobilga qaramlikni kamaytirish istagidamiz.

Ekologik tozalik aloqa va binolar qurilishida qanday materiallardan foydalanishimizga bog‘liq. Buning uchun muayyan standartlar mavjud. Loyihalashtiruvchilar va quruvchi kompaniyalar ekologik tozalik me’yorlariga rioya qilishlari va ushbu standartlarning minimal talablariga javob berishlari uchun shunday talablarni belgilashni rejalashtirmoqdamiz.

Ekologik tozalik qanday resurslardan foydalanishimiz, chiqindilarni qanday qayta ishlashimiz va shahar infratuzilmasini qanday tashkil qilishimizga bog‘liq. Infratuzilma jihatidan ekologik toza bo‘lishi uchun issiqlik, sovuqlik va elektr energiyasini bir vaqtda ishlab chiqaradigan trigeneratsion qozonxonalar qurishni rejalashtirganmiz.

Quyosh energiyasidan foydalanish ham rejamizda bor. Bunga erishish uchun Yangi Toshkentdan tashqarida quyosh elektr stansiyalari quriladi. Qolaversa, keyinchalik modernizatsiya qilish orqali mavjud gidroelektr stansiyalar energiyasidan foydalanishni ham rejalashtirganmiz.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Yangi Toshkent vizualizatsiyasining bir qismi. Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

Biz yangi shaharni har xil turdagi ma’lumotlarni o‘zida jamlaydigan aqlli shahar sifatida ko‘ramiz. Uning tahliliga asoslanib, barchaga — piyodalarga, velosipedchilarga, jamoat transporti va avtomobil foydaluvchilariga qulay bo‘lishi, hamma narsada muvozanat saqlanishi uchun shahar sharoitlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

— Yangi Toshkent energetika tizimining qurilishi davlat-xususiy sheriklik shartlarida amalga oshiriladimi yoki hammasi davlat hisobidan qoplanadimi?

— Bu qanday amalga oshiriladi, men javob bera olmayman, chunki bu mening soham emas. Lekin, shuni aytishim mumkinki, barcha yer uchastkalariga barcha infratuzilma — elektr, issiqlik va sovuqlik, ichimlik suvi ta’minoti, kanalizatsiya o‘tkaziladi.

Har bir yer uchastkasi kamida bir tomondan aloqa tarmoqlariga kirish imkoniga ega bo‘ladi. Quruvchi kompaniyalar infratuzilmaga koridor qurishlari talab etilmaydi. Hozirda yo‘l ham quryapmiz, chunki bu ham yer uchastkalariga kirish imkoniyati.

— Ko‘rgazmaning ikki yig‘ilishida ishtirok etgan Commonwealth Partnership tijorat ko‘chmas mulk konsalting kompaniyasi mutaxassislari nashrimizga bergan intervyusida, quruvchi kompaniyalar transport tizimi qanday bo‘lishi aniq bo‘lgandagina kelishini ta’kidlagan edi. Ya’ni, agar, masalan, quruvchi kompaniyalar bu yerda shaharlararo poyezd yoki tramvay bo‘lishidan xabar topishsa, faol ravishda investitsiya kiritishni boshlaydi. Chunki odamlar bu hududlardan qanday tashilishi aniq. Yangi Toshkentda transport qanday bo‘ladi?

— Biz nafaqat Yangi Toshkent, balki uni poytaxt bilan bog‘lovchi transport tizimini ham ko‘rib chiqyapmiz. Yangi Toshkent mustaqil shahar sifatida faoliyat yuritsa-da, aholini hududiy jihatdan cheklash imkonsiz. Toshkent, Parkent, Chirchiq, Nurafshon, Ohangaron shaharlari aholisi Yangi Toshkent tumani bilan bog‘lanadi. Shuning uchun transport tizimini mintaqaviy miqyosda ko‘rib chiqish lozim. Umumiy transport oqimi qanday harakatlanadi, jamoat transporti qanday rivojlanadi, uni Toshkent metropolitenining mavjud liniyalari bilan qanday bog‘lash mumkin — bularning barchasi ustida ishlayapmiz. Biz bunga nafaqat Toshkent aholisi, balki butun mintaqa uchun qulaylik yaratish nuqtai nazaridan yondashamiz.

Konsepsiya bosqichida asosiy magistral liniyalarni ko‘rib chiqdik. Endilikda transport bo‘yicha mutaxassislar bilan birgalikda jamoat transportini alohida muhokama qilyapmiz. Uni to‘g‘ri tashkil qilmasak, 15 daqiqalik shahar, piyoda yetib olish imkoniyati va ekologik tozalik haqidagi butun konsepsiya amalda ishlamaydi. Jamoat transporti yo‘nalishlari va bekatlarini oldindan belgilab qo‘yganmiz.

Yangi Toshkentning asosiy transporti — tramvay. U O‘zbekiston metro liniyasini “Do‘stlik” bekatidan davom ettiradi. U yerdan Yangi O‘zbekiston ko‘chasining boshiga — hozirda golf klubi joylashgan qismiga boradi va shu ko‘cha bo‘ylab Yangi Toshkent bilan bog‘lanadi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

Yangi O‘zbekiston ko‘chasi va Yangi Toshkent chegarasida butun Toshkent aglomeratsiyasi — Toshkent va Yangi Toshkent, Chirchiq, Parkent, Yangibozor va boshqa shaharlar uchun transport xabini qurishni rejalashtirganmiz. Ushbu xabdan tramvay liniyalari Yangi Toshkentning asosiy ko‘chalari bo‘ylab tarqaladi.

Shuningdek, mavjud 4P12 avtomobil yo‘li bo‘ylab Bardonko‘l tomon Ohangaron yo‘liga olib boruvchi tramvay liniyasini yotqizishni ham rejalashtirganmiz.

Ushbu yo‘nalishlar to‘g‘ri belgilandimi, shu yo‘nalishlar bo‘ylab [tramvay izini] yotqizish to‘g‘ri bo‘ladimi yoki qayta ko‘rib chiqish yaxshiroqmi, aniqlab olish maqsadida xorijlik transport mutaxassislari bilan ularni muhokama qilyapmiz. Mutaxassislarning dastlabki sharhlariga ko‘ra, asosiy karkas to‘g‘ri yotqizilgan. Hozirda mavzelar ichidan o‘tadigan yo‘nalishlar ustida ishlayapmiz. Ularda tramvay va avtobus harakatlanadi.

Bu qurilishning birinchi bosqichiga mo‘ljallangan rejalar bo‘lib, ular amalga oshirilgach, Yangi Toshkent shimolida to‘laqonli shaharning barcha funksiyalariga ega ma’muriy tuman paydo bo‘ladi. U Toshkentning shimoliy qismiga tutashadi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Manba: Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi.

Ikkinchi bosqichda biznes mavzesini quramiz. U Toshkentning markaziy qismiga ulanadi. Buning uchun Toshkent va Yangi Toshkentni mavjud metro liniyalari bilan bog‘laymiz.

Uchinchi bosqichda Yangi Toshkentning janubida zamonaviy sanoat, qishloq xo‘jaligi va IT sohalariga mo‘ljallangan innovatsion tuman barpo etiladi.

— Marhamat qilib, shahar energetika tizimi haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Yuqorida obyektlarni markazlashtirilgan isitish va sovutish haqida gapirib o‘tdingiz. Suv qayerdan olinadi va elektr qanday ishlab chiqariladi?

— Poytaxtni oziqlantiradigan Qodiriya degan suv tozalash inshooti mavjud. Dastlabki bosqichda Yangi Toshkent filtrlash stansiyalari quvvatini oshirgan holda unga ulanadi. Shuningdek, ichimlik suvini Ugom daryosidan yetkazib berishni rejalashtirganmiz.

Elektr ta’minoti uchun 100 foiz qayta tiklanadigan energiya manbalariga tayanishni rejalashtiryapmiz. GESlar quvvatini oshirgan holda ulardan taxminan 1200 MVt energiya olamiz. Yangi Toshkent shimoliy chegarasidan tashqarida quriladigan quyosh elektr stansiyalarida yana 400 MVt energiya ishlab chiqarishni rejalashtirganmiz.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Illyustrativ surat: TrinaTracker.

Trigeneratsiya qozonlari qo‘shimcha mahsulot sifatida yana 400 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Ushbu qozonlarning asosiy vazifasi — issiqlik energiyasi ishlab chiqarishdan iborat. U issiq suv va isitish uchun, yozda esa sovutish uchun ishlatiladi. Qishda ular issiqlik ishlab chiqaradi va uni mavzelarga yetkazib beradi. Yozda mavzelardagi maxsus jihozlar issiqlik energiyasini sovuqlikka aylantiradi.

Loyihamiz gazlashtirishni nazarda tutmaydi. Hamma narsa elektr energiyasi bilan ishlaydi.

— Trigeneratsiya qozonlari nimada ishlaydi?

— Har xil turdagi bioyoqilg‘i bilan. Shulardan biri — presslangan paxta chiqindilari.

— Ular yoqiladimi?

— Ha.

— Yangi Toshkent falsafasi ekologik toza shaharni nazarda tutishini aytib o‘tdingiz. Bilishimcha, sobiq Sovet Ittifoqi hududida keng tarqalgan markazlashtirilgan isitish boshqa joyda kamdan-kam qo‘llaniladi va aslini olganda katta issiqlik yo‘qotishlari tufayli samarasiz hisoblanadi, shuningdek, yoqilg‘i — gaz, ko‘mir, mazut yoqilgani hisobiga ekologik jihatdan toza emas. Siz tilga olgan yashil shahar falsafasi bunday yashil bo‘lmagan energiya tizimiga mos keladimi?

— Issiqlik yo‘qotilishi asosan quvurlarning eskirgan issiqlik izolyatsiyasi tufayli yuzaga keladi. Hisob-kitoblarga tayanilsa, markazlashtirilgan isitish har doim alohida tashkil etilgan isitish moslamalariga qaraganda tejamkor bo‘ladi.

Ekologik toza resurslar — qayta tiklanadigan manbalardir. Aytaylik, ko‘mir va tabiiy gaz qazib olinadi, lekin qayta tiklanmaydi. Bioyoqilg‘i esa qayta tiklanadigan manba. Bu boshqa mahsulot ishlab chiqarishning yon mahsuloti: paxta yetishtiriladi va bu chiqindilar paxtaning qo‘shimcha mahsuloti sifatida qolib ketadi.

Chiqindilarni yoqish ham ekologik jihatdan toza. Bu amaliyot Yevropada juda keng qo‘llaniladi, chunki ular xorijiy energiya manbalaridan mustaqil bo‘lishni xohlashadi. Shuning uchun, ekologik tozalikka erishish maqsadida shunday yondashuvlarni o‘ylab topishadi.

Ularning yoqilishiga kelsak, yoqish jarayoni ekologik toza bo‘lishi uchun chiqindi gazlar yaxshi filtrlanishi kerak. Shunda u ekologik toza bo‘ladi. To‘g‘ri, CO2 ishlab chiqariladi, lekin u filtrlar yordamida tutib qolinishi kerak.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Bunga Vena yaxshi misol bo‘la oladi. Shahar yashash uchun dunyodagi eng qulay shahar hisoblanadi. Adashmasam, shahar ichida to‘rtta chiqindi yoqish zavodi bor. Ular havoga zararli moddalar chiqarmaydi, chunki filtratsiya bor. Bu zavodlar yaqinida faqat yoqilayotgan material — chiqindi hidigina tarqaladi. Yoqilganidan keyin gaz ko‘zga tashlanmaydi. Ko‘pincha bug‘langan suv chiqadi.

Bu juda yuqori texnologik jarayon. Aslini olganda, mana shu narsa ekologik tozalik deyiladi. Resursiga kelsak, qayta tiklanmas bo‘lishiga qaramay, eng ekologik toza yoqilg‘i — yadro yoqilg‘isidir. Yadro yoqilg‘isi haqida gap ketsa, hamma qo‘rqib ketadi. To‘g‘ri, bu radiatsiya, bu yadro, lekin atmosferaga hech qanday chiqindi chiqmaydi. Ya’ni, energiya ishlab chiqarishning har bir bosqichida jarayonni atmosfera uchun zararli qilayotgan muammolarni topish kerak. Ular uchun har doim yechim topiladi. Yevropa havo ifloslanishining oldini olish uchun ushbu zamonaviy texnologiyalarni muvaffaqiyatli amalga oshiryapti.

— Ichimlik suvi masalasida ham aynan shu jihat qiziq. Ugom daryosi suvidan ichimlik suvi sifatida foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqilayotganini aytdingiz. Ikki millionlik shahar uchun tog‘ suvidan foydalanish butun mintaqaga qanday ta’sir qilishi haqida gidrogeolog va ekologlar bilan maslahatlashilganmi? Bilishimcha, bu suv daryolarni to‘ydiradi va qishloq xo‘jaligida ishlatiladi. Bundan tashqari, Ugom Chirchiq daryosining katta o‘ng irmog‘i bo‘lib, undan butun Toshkent suv ichadi.

— To‘g‘ri, suv kelgusida tanqis bo‘ladigan resurs. Mavjud ekotizimga zarar yetkazmaslik uchun bularning barchasini qayta-qayta puxta o‘ylab ko‘rish kerak. Chunki bu turli xil manipulyatsiyalarga berilmaslik kerak bo‘lgan asosiy element.

Tabiiyki, ichimlik suvini tog‘lardan olish juda nozik masala, chunki Yangi Toshkentdan biz suv olishni rejalashtirgan tog‘li hududlargacha taxminan 60 km. Bu jarayon ushbu 60 km atrofidagi butun hududning barcha tabiiy jarayonlari va hayotiy faoliyatiga ta’sir qiladi.

саиdaзим шарипов, yangi тошкент

Shuning uchun, birinchi bosqichda, bu variantning barcha ijobiy va salbiy tomonlarini taroziga solib ko‘rmagunimizcha, mavjud filtrlash inshootlariga ulanib turamiz. Biz ham bu masalaga yetarlicha ehtiyotkorlik bilan yondashamiz. Mahalliy sharoitda sohani yaxshi biladigan mutaxassislar, xorij tajribasini o‘rganish va amalga tadbiq etish uchun xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda masalani o‘rganish ko‘p vaqt talab etadi.

— Ko‘rgazmaning panel yig‘ilishida davlat ijtimoiy infratuzilma: bolalar bog‘chalari, maktablar, shifoxonalar, poliklinikalar, bog‘lar, davlat universitetlarini qurish majburiyatini o‘z zimmasiga olayotganini aytib o‘tdingiz. Ijtimoiy infratuzilmaning sig‘imi turar-joy qurilishining kvadrat metrlari soniga mos kelishi kerakligi nuqtai nazaridan quruvchi kompaniyalarga talablar qo‘yiladimi?

— Bu aynan quruvchi kompaniyalar talablar ro‘yxatidan chiqarib tashlashni istaydigan talablar. Chunki bu qurilish hajmi, turar-joy va tijorat kvadrat metrlari bilan bog‘liq. Bizning bosh rejamizda bularning barchasi muvozanatlashtirilgan.

Butun dunyo bo‘ylab o‘rtacha optimal aholi zichligi har gektarga 100 kishini tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich oshsa, infratuzilma, transport va yo‘llarga yuklama ancha katta bo‘ladi. Zichlik me’yoridan past bo‘lgan taqdirda esa shahar samarali ishlamaydi. Ushbu raqamlarga asoslanib, biz butun shaharni rejalashtiramiz.

Albatta, aholi zichligi 100 dan kam bo‘lgan hududlar ham, har gektarga 100 kishidan ko‘p bo‘lgan hududlar ham bo‘ladi. Biroq, bizning ijtimoiy infratuzilmamiz alohida hududlardagi aholi zichligiga qarab hisoblanadi. Maktablar va bolalar bog‘chalari soni va ulardagi o‘rinlar soni ular joylashgan hududlarga bog‘liq. Maktablar, bolalar bog‘chalari va poliklinikalar ko‘proq bo‘lgan hududlar ham bo‘ladi. Aholi zichligi past bo‘lgan taqdirda esa maktablar kamroq bo‘ladi. Shu bilan birga, maktablar va bolalar bog‘chalari mos ravishda 500 va 300 metr piyoda masofada joylashgan bo‘ladi.