1-avgustdan boshlab avtomobillarga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari tasodifiy tanlash yo‘li bilan beriladi. Bu haqda O‘zbekiston hukumatining 17-iyuldagi qarorida so‘z boradi.

Raqamlar avtomatik tarzda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Davlat raqam belgilari” moduli orqali shakllantiriladi.

Hozirda raqam belgilari o‘sib boruvchi raqamlash ketma-ketligi bo‘yicha beriladi, harflar va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan oshirilgan to‘lov stavkasidagi raqamlar bundan mustasno (“chiroyli raqamlar”, auksion orqali to‘lanadi).

Raqamlarni tasodifiy tartibda berish 2018-yilda Rossiyada chiroyli raqamlarni sotib olish bilan bog‘liq korrupsiya komponentining oldini olish uchun joriy etilgan. Usulning mohiyati shundaki, raqam tasodifiy tanlanib, kompyuter tomonidan tayinlanadi.

Yaqinda avtomashinalariga raqam olgan bir qator haydovchilarning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, davlat raqamlari belgilari avtomatik tarzda inspektorlar planshetlari orqali shakllantiriladi. “Raqam avtomatik tarzda planshetda paydo bo‘ldi, bu raqam qanday bo‘lishini hech kim bilmaydi”, — dedi suhbatdoshlardan biri.

Qarorga ko‘ra, 1-dekabrdan YHXB mobil ilovasi, xizmatning rasmiy sayti, Call-markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga (my.gov.uz) orqali avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va raqam berish bo‘yicha murojaatlarni yuborish va o‘sha yerning o‘zida to‘lovni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.