Sirdaryo viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi tizim tashkilotlari amalga oshirgan boshlang‘ich qiymati 37 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan davlat xaridlarida qonun buzilishi holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar qildi.

Xususan, Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyat Avtomobil yo‘llari boshqarmasi tizim tashkilotlarida “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlari hamda sohaga oid boshqa me’yoriy hujjatlar ijrosi yuzasidan 2024-yilning mart-iyul oylarida o‘rganish ishlari o‘tkazildi.

O‘rganishlar natijasida boshqarmaning tizim tashkilotlari: Boyovut, Oqoltin, Sayxunobod, Sirdaryo, Xovos va Guliston tumanlarida joylashgan unitar korxonalari tomonidan o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 37 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 67 ta xaridlarda “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilganligi holatlari aniqlandi.

Jumladan, ushbu o‘tkazilgan davlat xaridlarida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan dastlabki malaka tanlovi, xarid qilish tartib-taomili, tanlashni o‘tkazish talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan. Shuningdek, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar sodir etilgan.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan Sirdaryo viloyati Avtomobil yo‘llari boshqarmasi tizim tashkilotlariga nisbatan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.