Moskvaning Domodedovo aeroportidan Samarqand shahriga uchgan yo‘lovchi samolyotda portlovchi modda borligini aytdi. Bu haqda IIV “Gazeta.uz”ga xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 15-iyul kuni soat 03:15 da IIOlariga Domodedovo-Samarqand yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan, 1978-yilda tug‘ilgan fuqaro M.A. mast holatda ushbu bortda xizmat olib borayotgan styuardessalarga “samolyotda portlovchi modda bor” deb aytgani haqida xabar kelib tushgan.

Samarqand viloyati IIB Portlovchi moddalarni zararsizlantirish guruhi xodimlari tomonidan olib borilgan tekshiruvlar natijasida bortda hech qanday portlovchi, yonuvchi yoki shubhali buyumlar mavjudligi aniqlanmagan.

Fuqaro harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari borligi sababli, to‘plangan hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga yuborilgan.