Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkor Toshkent shahridagi davlat idoralari vakillari bilan ochiq muloqot chog‘ida yuridik shaxslar uchun yangi elektr energiyasi standartini bekor qilishni so‘radi.

“Sherzod aka, (Soliq qo‘mitasi boshlig‘i Kudbiyev), katta rahmat sizga. Qo‘mita so‘nggi 2−3 yil davomida bevosita tadbirkorlar bilan ish olib borganidan so‘ng soliq tizimi tartibga tushdi-ku. Lekin men bu yerda boshqa qo‘mitalar va vazirliklarni kutgandim. Qani ular? Energetika vazirligi qani? Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi qani? Bizni eng qiynayotgan muammo o‘sha yerda-ku”, — deydi Perfect Invest Business asoschisi Ulug‘bek Sultonov.

Unga ko‘ra, elektr energiyasi va gazdan foydalanishning yangi qoidalarida (Vazirlar Mahkamasining 31-maydagi qarori bilan tasdiqlangan) yuridik shaxslar elektr energiyasidan belgilangan limitning 10 foizidan ortiq miqdorda elektr energiyasi iste’mol qilganda shartnomada ikki baravar tarif to‘lashi belgilab qo‘yilgan.

Tadbirkor bu qoidani bekor qilishni so‘radi.

“Hatto xorijiy ekspertlar ham buni baholab, bu tartib ishlab chiqaruvchilarni jazolashdir, deb aytishdi. Biz prezidentga qoidalarning 85 va 150-bandlarini aytaylik, ularni bekor qilishsin. Energetika vazirligi tizimdagi aybini tadbirkorlar bilan, 2−3 baravar to‘lovlar orqali yopmoqchi. Soliq qo‘mitasiga o‘xshab o‘z tizimini isloh qilsin”, — dedi Ulug‘bek Sultonov.

Uning aytishicha, yuridik shaxslar ikki oy davomida oldindan to‘lov qilinsa, eski tariflar bo‘yicha to‘lashi mumkin, ammo bu avgust oyidan boshlab tadbirkorga yuklama bo‘ladi.

бизнес, limit, elektr energiyasi

Tadbirkorni Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov (suratda o‘rtada) qo‘llab-quvvatladi.

Normativlarning 150-bandiga ko‘ra, reaktiv quvvat iste’molchilari tomonidan yetarli miqdorda kompensatsiya qilinmagani sababli tarmoqlarda faol energiyaning qo‘shimcha yo‘qotishlari uchun qayta hisob-kitoblar joriy tarifning uch baravari miqdorini tashkil etadi. Tadbirkor bu normani ham bekor qilishni so‘radi.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonovning xabar berishicha, tadbirkorlar elektr energiyasi limiti oshib ketganda ikki baravar to‘lay boshlagan.

“[Yuridik shaxslarga] 1 kVt/soat uchun 900 so‘m qilingandi. Limitni abonent o‘ziga o‘zi belgilagan va predoplata qilgan. Aytaylik, oyiga 5000 kVt/soat. Limitdan oshsa, 960 so‘mdan to‘lashgan. Endi limitdan oshsa, 1 kVt/soatni 1800 so‘m qilishibdi”, — deb yozdi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababdan ko‘plab tadbirkorlar limit belgilamay to‘lab yurgan.

“1-iyundan boshlab o‘ziga limit belgilamaganlardan 100 kVt/soatdan uyog‘ini 1800 so‘mdan yechyapti va pul tugab o‘chirilyapti ekan”, — deydi u.

“Juda qimmat xato”

Iqtisodchi Behzod Hoshimov iyun oyi boshida Energetika vazirligining bu qarorini “juda qimmat xato” deb atagandi. Uning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslar uchun ham energiya juda katta subsidiyalashgan narxda, ishlab chiqarish xarajatlaridan bir necha barobar arzon narxda beriladi.

“Buning sababi: moliyaviy qiynalganroq qatlamdagi insonlarga davlat tomonidan sal yordam bo‘lishi uchun. „Ijtimoiy norma“ deb atalgan limitdan ko‘proq iste’mol qilsalar narx oshar edi, o‘sha oshgan narx ham xarajatlarni mutlaq qoplamasa-da, qandaydir ma’noda subsidiyani daromadi ko‘proqlarga kamroq berishda edi. Bu yerda faraz shuki, ko‘proq energiya iste’mol qiladiganlar odatda boyroq va ularga „ijtimoiy narxlarda“ bir necha barobar arzonga boshqa soliq to‘lovchilar hisobidan elektr bilan ta’minlash xato edi”, — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shu sxemani yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llash “mutlaqo xato”.

“Chunki, birinchidan, shundoq ham yuridik shaxslar to‘laydigan narx xarajatlardan yuqoriroq. Ya’ni mantiqan yuridik shaxslar ishlatgan har bir kilovatt energiyadan, energetik kompaniyalar foyda olishadi. Jismoniy shaxslarda teskarisi, har bir uyda yoqilgan kilovatt soat svet uchun davlat — ya’ni soliq to‘lovchilar orasidagi farqni kompensatsiya qilishadi. Yuridik korxonalarda esa teskarisi — qancha ko‘p yoqishsa — shuncha foyda”, — deb yozdi u.

Lekin bu qarorning asli eng yomon tarafi iqtisodiy shikastida, deydi iqtisodchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi eng katta muammolardan biri “o‘rtacha firmaning kichikligi”dir. Ya’ni bizda, boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, korxonalarni nufuzi ortishi juda qiyin masala, deya tushuntirdi u.