19-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev, uning o‘g‘illari, akasi — jami 37 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda jarayonda qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va unga nisbatan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

10-iyul kungi sud majlisida prokuror 44 ta epizod bo‘yicha ayblanayotgan “Baxti Tashkentskiy”ga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash, shuningdek, Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat) 3-qismi “a” bandi bilan o‘ta xavfli retsidivist deb topishni hamda uning o‘g‘illariga nisbatan 11 va 12 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘ragandi.

Ish tarixi

Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudining 2023-yil 29-noyabr kungi qaroriga asosan hibsga olingandi.

O‘shanda u “jamoat joyida baqir-chaqir qilib, fuqarolarning tinchini buzib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzib, IIO xodimlarining IIB binosiga borib, shaxsiga aniqlik kiritish haqidagi qonuniy talablarini bajarmagani” qayd etilgan.

2024-yil 3-iyunda “Baxti Tashkentskiy”, uning o‘g‘li, akasi — jami 37 kishiga nisbatan ochiq sud boshlangan. Sudlanuvchilar tovlamachilik, jinoiy uyushma tashkil etish, firibgarlik, qasddan badanga shikast yetkazish, bezorilik va JKning boshqa moddalari bo‘yicha ayblangan. Sudda Baxtiyor Qudratullayev o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga iqror emasligini bildirgan.

5-iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Qudratullayev davlat tashkiloti vakillari unga aloqaga chiqib, mamlakatda yoshlar, sportchilar orasida pichoqbozlik ko‘payib ketayotgani uchun “ko‘cha”ni tartibga solishni so‘raganini aytgan.

Sudya “Siz davlat tashkilotida rasmiy ishlaganmisiz?” deb so‘ragan. Sudlanuvchi esa yoshligidan boshlab, umrining asosiy qismi qamoqda o‘tganini ta’kidlagan.

“Yoshligingizdan o‘tirgan bo‘lsangiz, davlat sizga qanday topshiriq berishi mumkin?” — degan sudya. “Buni ulardan so‘rash kerak”, — deya javob qaytargan “Baxti Tashkentskiy”.

Sudya “Tartibga solishga huquqni muhofaza qiluvchi organlarning kuchi yetsa kerak, to‘g‘rimi?” — deya savol bergan. Baxtiyor Qudratullayev “to‘g‘ri”, degan. “Unda nima uchun davlat sizga topshiriq bergan?” deya takroriy savol bergan sudya.

Baxtiyor Qudratullayev bunga javoban o‘sha yillari O‘zbekistonda yoshlar va sportchilar orasida pichoqbozlik ko‘payganini, davlat tashkiloti ular bilan hamkorlik qilgach, bu jinoyatchilik 60 foizga kamaygani haqida ma’lumotlar aytilganini bildirgan. U bilan aloqaga chiqqan davlat tashkiloti mas’ullari shunday ma’lumot berishganini qo‘shimcha qilgan. Biroq ularning aynan kim ekanligiga aniqlik kiritmagan, sudya ham bu haqda undan so‘ramagan.

15-iyul kungi sud majlisida tomonlar muzokarasida advokatlar va sudlanuvchilar tinglangan. “Biz terrorist, korrupsioner bo‘lmaganmiz, odamxo‘r emasmiz. Iloji bo‘lsa, shu yerda o‘tirgan bolalarga yengillik bersangiz”, — degandi Baxtiyor Qudratullayev.