Shavkat Mirziyoyev 17-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat budjetiga soliq va boshqa tushumlarni ta’minlash masalasini muhokama qildi.

Davlat rahbari soliqlar bo‘yicha “reja"ni bajarish uchun tadbirkorlar ortiqcha to‘lovlarga majburlansa, hokimlar va soliq xodimlarini jazolashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish va daromadni faqat tadbirkorlarga yordam berish orqali oshirish mumkin.

Bosh prokuraturaga bu kabi holatlarni nazoratga olish topshirildi.

Yil boshidan 67 ta tumanda tushum 1,5 karra oshgan. Masalan, Baxmal, Jalaquduq, Forish, Qo‘rg‘ontepa va Guliston tumanlarida o‘sish 2 baravar bo‘lgan. Lekin Nukus, Oqdaryo, Qiziriq, Mingbuloq, Mirzo Ulug‘bek, Qibray, Toyloq tumanlari, Namangan va Zarafshon shaharlarida o‘sish sur’atlari qolgan hududlardan ancha orqada ekani, Shumanayda esa umuman o‘sish bo‘lmagani ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddilarga soliq tushumlarida o‘sish past bo‘lgan ushbu hududlarga borib, ajratilgan kredit, subsidiya, davlatdan berilgan resurslar samarasini tahlil qilish topshirildi. Tahlil yakunlariga ko‘ra ushbu hududlar hokimining birinchi o‘rinbosari va soliq rahbarlari faoliyatiga baho beriladi.

imtiyozlar, shavkat mirziyoyev, subsidiyalar

2023-yilda tadbirkorlarga 90 trillion so‘m bojxona va soliq imtiyozi, subsidiya va kompensatsiya taqdim etilgan. Mutasaddilarga yil yakunigacha 10 trillion so‘mlik asossiz xarajatlarni maqbullashtirish choralarini ko‘rish topshirildi.

Endilikda imtiyoz va subsidiyalar maqsadli ko‘rsatkich bilan bir yilga berilishi, natijasiga qarab muddati cho‘zib berilishi yoki umuman bekor qilinishi belgilandi.

May oyi oxirida subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni maqbullashtirish hamda ularning samaradorligini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilgandi. U iqtisodiyotga va sog‘lom raqobat muhitiga ta’sirini tahlil qilish asosida barcha mavjud imtiyozlarni “tubdan qayta ko‘rib chiqish” bo‘yicha takliflar tayyorlashi kerak.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingiga qarab imtiyozlar berish tartibi belgilangan. B va undan yuqori reytingga ega bo‘lgan tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlash choralariga umid qilishi mumkin.

O‘zbekistonda ikki yil ichida davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar miqdori besh baravarga — 5,63 trillion so‘mdan 29,25 trillion so‘mga (2,5 milliard dollar) oshgan. 18 trillion so‘m gazni sotib olish va sotish o‘rtasidagi farqni qoplashga, 1,72 trillion so‘mi issiqlik energiyasiga yetkazilgan zararni qoplashga, 1,02 trillion so‘mi geologiya-qidiruv ishlariga yo‘naltirilgan.