18-iyul kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-266-son] qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-oktabrdan:

  • rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi nogironligi bo‘lgan shaxslarga sharoitlar yaratish bo‘yicha shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi;
  • har yili “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘larining kamida 10 foizi chorrahalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar (piyodalar) uchun xavfsiz va to‘siqsiz muhit yaratish bo‘yicha qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltiriladi.

2025-yil 1-yanvardan belgilangan faoliyat turlari bo‘yicha litsenziya berishda obyektda shaharsozlik norma va qoidalarida belgilangan talablarga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqlarsiz muhit yaratilganligi bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining xulosasini olish talab qilinadi.

Qarorga ko‘ra, joylardagi hokimliklar:

  • har yili 1-noyabrgacha keyingi yil uchun o‘zining hududidagi kamida bittadan ko‘chani nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish loyihasini ishlab chiqadi hamda uning qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlarini amalga oshiradi;
  • 2024-yil 1-dekabrgacha nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishlari uchun shaharsozlik norma va qoidalari talablari asosida belgilangan ro‘yxatga muvofiq ko‘chalarni moslashtiradi.

2026-yil 1-yanvargacha nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun respublikaning barcha hududlarini qamrab oluvchi to‘siqlarsiz muhit yaratilgan obyektlarni aniqlash imkonini beruvchi “Interaktiv xarita” axborot tizimi ishga tushiriladi.

2024-yil 1-oktabrdan Toshkent shahri va xalqaro avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini, 2025-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun tenderlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitni ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlangan avtobuslarga ega bo‘lgan tashabbuskorlar ishtirok etadi.

Ushbu talab kuchga kirgunigacha tenderda g‘olib bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlararo, shahar atrofi, tumanlararo (shaharlararo) avtobusda yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning avtobuslarni nogironligi bo‘lgan shaxslar ehtiyojlariga moslashtirish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismi 2024-yil 1-noyabrdan qoplab beriladi.

Qarorga muvofiq, 2024-yil 1-sentabrgacha vazirlik va idoralar, ularning hududiy bo‘linmalari hamda tizim tashkilotlarida bir nafar rahbar o‘rinbosari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay va to‘siqlarsiz muhit yaratilishi bo‘yicha mas’ul etib belgilanadi.

2025-yil 1-yanvardan:

  • vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar fuqarolar qabuli va sayyor qabullarni o‘tkazishda majburiy tarzda surdotarjimon ishtirokini ta’minlaydi;
  • vazirlik va idoralar, ularning tizim tashkilotlari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha bir nafar xodimi surdotarjimonlik kurslarida o‘qitiladi.

2024-yil 1-oktabrdan:

  • shahar yo‘lovchi transportida I guruh nogironligi bo‘lgan shaxs va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga bepul xizmat ko‘rsatiladi;
  • I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy avtotransport vositalarini moslashtirish xarajatlarining 50 foizi (BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan miqdorda) qoplab beriladi.

Ijtimoiy inspeksiya nogironligi bo‘lgan shaxslarga qulay muhit va to‘siqlarsiz harakat qilish imkoniyatlari yaratilganligini nazorat qiluvchi vakolatli organ etib belgilandi.