Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “Ipotekabank” reklamasida qonun buzilishini aniqladi.

Qayd etilishicha, qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida joylashtirilayotgan reklama axborotlarining qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari olib borgan. Natijada “Ipotekabank” ATIB Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Super nomli omonat turining yillik foiz stavkasini 26 foiz deb ko‘rsatganini aniqlagan.

Ammo ushbu omonat turida naqd pulda hisoblangan depozitning foiz stavkasi dastlabki 3 oy uchun 26 foizdan, undan keyingi 3 oy uchun 14 foizdan hisoblanishi, onlayn depozit esa mos ravishda — 26,09 va 14 foizdan ekani ma’lum bo‘ldi, deyiladi xabarda.

Ya’ni faqat dastlabki 3 oyda 26 foizdan pul mablag‘lari berilgan, ijtimoiy tarmoqdagi reklama axborotida esa omonatning shu kabi “muhim shartlari” ochib berilmagan.

“Reklamaning bunday ko‘rinishda bo‘lishi reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘ituvchi yoki chalg‘itishga olib keluvchi holatni ifodalashi mumkin”, — deb yozdi Raqobat qo‘mitasi.

Holat yuzasidan “Raqobat to‘g‘risida“gi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida“gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan “Ipotekabank"ka nisbatan ish ochilgan.

Maxsus komissiya bank nomaqbul (noto‘g‘ri) reklamaga yo‘l qo‘ygan, deb topdi va jarima qo‘llashga qaror qildi. Bundan tashqari, kelgusida bu kabi harakatlarni takrorlamaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.