Microsoft ishidagi global uzilishlar O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlar faoliyatiga ta’sir qilmadi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports axborot xizmati.

Avvalroq Windows tizimi bilan ishlaydigan qurilmalarda butun dunyo bo‘ylab muammolar kuzatilayotgani, Avstraliya, AQSh, Yaponiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda aeroport, banklar, OAV, fond birjalari texnik muammolar haqida xabar berayotgani haqida yozgandik.

Microsoft muammolar kuzatilayotganini tan olgan va vaziyatni hal qilishga urinayotganini bildirgan.

“Ayni damda barcha aerodromlarda uchish va qo‘nish jarayonlari odatdagidek davom etmoqda. Aviakompaniyalar yo‘lovchilarni ro‘yxatga olishda dasturiy nosozliklarga duch kelgan taqdirda, Uzbekistan Airports aviatashuvchilarga o‘zining muqobil ro‘yxatga olish tizimini taklif qilishga tayyor”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Parvozlar holati bilan www.uzairports.com rasmiy sayti yoki +99855 501 45 55 raqamidagi yagona aloqa markazi orqali tanishish mumkinligi eslatib o‘tildi.