Vazirlar Mahkamasining 17-iyuldagi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga doir qarori bilan YPX xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan munosabatlarini va maxsus vositalardan foydalanishini tartibga solish to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar tasdiqlandi.

Nizomning 31-bandida ko‘chma fotoradar va mobil komplekslardan foydalanganda, YPX xodimi moslamaning ko‘rsatkichlari bilan harakat tezligini oshirib, qoidalarni buzgan haydovchini tanishtirishi, uning talabi bilan moslamaning sertifikati (nusxasi)ni ko‘rsatishi lozimligi belgilangan edi.

Kun.uz 2023-yil iyul oyida yozganidek, amalda bu odatda Nexia 3 avtomashinalariga o‘rnatilgan mobil fotoradar yoki radar qurilmasi tomonidan qoidabuzarlik qayd etilganda (gap Vector SR komplekslari, Multaradar CD/CT/Moving radarlari haqida ketmoqda), inspektor undan foydalanib, tezlik chegarasidan oshib ketgan haydovchini to‘xtatishi va unga qurilmadagi tezlik ko‘rsatkichini ko‘rsatishi kerak.

Biroq ularning ko‘rsatkichlari statsionar radarlardagi kabi bevosita hisobga olingan va haydovchilar jarimaga tortilgan.

O‘shanda internetda advokatlar haydovchilarga jarima to‘lamaslikni va tezlik chegarasi buzilishi ko‘chma radarlar tomonidan qayd etilsa, sudga murojaat qilishni maslahat bergan videolar tarqatilgandi.

Bunday ishlardan biri sudda ko‘rib chiqilgan: birinchi va apellyatsiya instansiyalari YHXX foydasiga hal qilgan, biroq Oliy sudning kassatsiya instansiyasi 2022-yil 14-oktabrda avvalni qarorni bekor qilib, ma’muriy huquqbuzarlikni tugatgan.

Nizomning yangi tahririda 31-band matni o‘zgartirildi. Endilikda mobil fotoradarlar va mobil tizimlardan foydalanishda nizomning 37-bandida nazarda tutilgan tartib qo‘llanadi. Unda aytilishicha, MJTKning 309−1-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilmasdan, huquqbuzarlik sodir etgan shaxsning ishtirokisiz jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqariladi. Bunda huquqbuzarlikni takroriyligi inobatga olinmaydi.

Shu tariqa endilikda YPX xodimi qoidani buzgan va/yoki tezlikni oshirib yuborgan haydovchini qurilma ko‘rsatkichlari bilan tanishtirishi yoki uning iltimosiga binoan qurilmaning muvofiqlik sertifikati yoki uning nusxasini ko‘rsatishi shart emas.

“Mana bo‘ldi, mobil radarlar tomonidan qayd etilgan tezlik chegarasi buzilishini chetlab o‘tish imkonini beruvchi „oyna“ yopildi”, — deb yozdi Kurbanoff.net Telegram kanali muallifi Shuhrat Qurbonov.