18-iyul kuni “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-264-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining 33 yillik sanasi “chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinadi” hamda mamlakatning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish sur’atlariga munosib tarzda nishonlanadi.

Tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkaziladi.

Mustaqillik bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlanishi ta’minlanadi.

“Ona diyor — ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulug‘, eng aziz” kabi an’anaviy ko‘rik-tanlovlar yuqori darajada o‘tkaziladi.