Namangan viloyatidagi 10 ta tuman hokimliklari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarda qonun talablariga zid holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda Raqobat qo‘mitasi.

Qo‘mitaning Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024-yilning birinchi yarmi mobaynida 10 ta tuman hokimliklarida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari ijrosi yuzasidan jami 4214 ta normativ-huquqiy va boshqa turdagi hujjatlar yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan.

Mazkur o‘rganishlar jarayonida Mingbuloq, Kosonsoy, Pop, Norin, Namangan, To‘raqo‘rg‘on, Uychi, Chust, Chortoq va Yangiqo‘rg‘on tumani hokimliklarida tovar yoki moliya bozorida raqobatni cheklashga hamda iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keluvchi jami 12 ta qaror qabul qilingani ma’lum bo‘lgan. Buning oqibatida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasi (Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar, yuridik shaxslarning birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan hujjatlar qabul qilinishini hamda harakatlar amalga oshirilishini (harakatsizlikni) taqiqlash) talablari buzilgan.

Ushbu qarorlar qonun talablariga muvofiqlashtirildi hamda tuman hokimliklariga qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritildi, deyiladi qo‘mita xabarida.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati boshqarmasi o‘tkazgan tekshiruvda 10 ta tuman hokimligi va 9 ta tashkilotning 124 ta hujjatida qonun talablari buzilgani aniqlangandi. Ushbu holatlar yuzasidan hokimliklarga tegishli taqdimnoma va ko‘rsatmalar yuborilib, imzolangan qarorlar bekor qilingan.