Toshkent shahri ko‘chalarida 1-iyungacha qonuniylashtirilmagan reklama obyektlari (konstruksiyalari) demontaj qilinadi. Bu poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqovning 16-iyuldagi tashqi reklama va axborot obyektlarini tartibga solish to‘g‘risidagi qarorida nazarda tutilgan.

Spot nashrining yozishicha, egalari yangi shakldagi reklama joyi pasporti uchun ariza topshirmagan obyektlarning avvalgi hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Vazirlar Mahkamasi pasportlarni 1-aprelga qadar almashtirishni belgilagan, ammo keyinroq muddat 1-iyungacha uzaytirilgan.

Demontaj ishlari hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan amalga oshiriladi va u jarayonni bevosita amalga oshirish uchun tanlov asosida pudratchi kompaniya tanlaydi.

obyektlar elektr ta’minotidan uziladi va Milliy gvardiya xodimlari ish paytida jamoat xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi, deyiladi hokimlik xabarida.

Demontaj qilingan konstruksiyalar 30 kun davomida saqlanadi. Agar ular ushbu muddatda mulkdorlar tomonidan olib ketilmasa, ular belgilangan tartibda utilizatsiya qilinadi va sotiladi. Mablag‘lar shahar budjetiga yo‘naltiriladi.

Noqonuniy obyektlarni buzish ishlari yil oxirigacha yakunlanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimining ochiq versiyasi ishga tushiriladi. Unda, shuningdek, reklama va axborot obyekti hamda uning mulkdori qidirilayotgani haqidagi e’lon ham joylab boriladi.

O‘tgan yilning avgust oyida Raqamli rivojlanish departamenti Toshkent shahridagi tashqi reklamani o‘z nazoratiga olishini ma’lum qilgan edi. O‘shanda poytaxtdagi 11 mingta reklama obyekti egalari to‘lovlarni umuman to‘lamagan. “Gazeta.uz” muammo nimada, reklama dizayn-kodi qanday bo‘lishi va Toshkentni qay tariqa ko‘zni quvontiruvchi shaharga aylantirish mumkinligini o‘rganib chiqqandi.