Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qo‘shib yuborish orqali ularning negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etildi. Bu haqdagi farmon 18-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Universitet Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yurituvchi davlat universiteti bo‘ladi. U hududning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida mutaxassislar tayyorlaydi.

Oliygohda Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyat yuritadi, unda ta’lim olish uchun akademik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalar tanlov asosida saralanadi va amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi. Maktabda sanoat hamkorlari tomonidan taqdim etilgan muammolar portfeli asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish yo‘lga qo‘yiladi. Loyihalar sanoat hamkorlari va Innovatsion rivojlanish agentligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

OTMga xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 300 talik ro‘yxatga kirgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish huquqi beriladi.

Ilgari faoliyat yuritgan ikkita universitetda tahsil olayotgan barcha talabalar yangi universitetda o‘qishini davom ettiradi.