Shavkat Mirziyoyev Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayenni ushbu lavozimga qayta saylangani munosabati bilan tabrikladi va eng ezgu tilaklarini bildirdi, deya xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Prezident o‘z maktubida so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli munosabatlarini sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishda, “mamlakatdagi ortga qaytmas tus olgan demokratik va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni” har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda Yevrokomissiya prezidentining ulkan shaxsiy hissasi borligini alohida ta’kidladi.

Mirziyoyev, shuningdek, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan hamkorlik barcha ustuvor yo‘nalishlarda yanada yuksak bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda mutlaqo yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitimni tez orada imzolash tarafdori.

“Yaqin kelajakda Samarqand shahrida birinchi „Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi“ sammiti o‘tkazilishi mintaqaviy aloqalarimizni manfaatli loyihalar va dasturlar bilan boyitish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘lishiga aminman”, — deyiladi prezident maktubida.

Avvalroq YeI mamlakatlari liderlari ittifoq rahbarligiga nomzodlarni ma’qullagandi. Unga ko‘ra, Ursula fon der Lyayenni Yevrokomissiya prezidenti lavozimida saqlab qolish taklif etilgan. Portugaliya sobiq bosh vaziri Antoniu Koshta Yevropa kengashi rahbari etib saylangan. Estoniya bosh vairi Kai Kallas YeI diplomatiyasi rahbari bo‘lgan.

Ursula fon der Lyayen kim?

2019-yilda 65 yoshli fon der Lyayen Yevropa komissiyasini boshqargan birinchi ayol bo‘ldi. Siyosatchining ilk muddati ikkita yirik inqirozni o‘z ichiga oldi: COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush. U pandemiyaga qarshi kurashdagi roli, Yevropa Ittifoqi barcha fuqarolar uchun vaksinalarni birgalikda sotib olgani uchun maqtovga sazovor bo‘ldi. Ammo Yevropa komissiyasi rahbari vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralarda shaffoflik yo‘qligi uchun ham keskin tanqidga uchradi.

Yevropa komissiyasi prezidenti sifatida Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqining siyosiy kun tartibini belgilaydi, Yevropa kengashi yig‘ilishlarida, G7 va G20 sammitlarida, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan sammitlarda va Yevropa Parlamentidagi munozaralarda komissiya vakili sifatida qatnashadi. Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi ittifoq hamkorlari bilan savdo muzokaralarini olib bormoqda.