Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida jami 28,4 mlrd so‘mlik gazni o‘g‘irlagan 2 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qildi.

Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika va hududiy Shtablar tomonidan Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida energiya resurslarini talon-toroj qilinishini fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Xususan, Sirdaryo tumanida joylashgan “M.G.” MCHJga qarashli AGTKSHda jamiyat mansabdor shaxslari “Avtopilot-Pro” rusumli gazni hisobga olish uskunasining qurilmalariga tashqi ta’sir ko‘rsatib 20,5 mlrd so‘mlik 8,2 mln kub metr tabiiy gazni o‘g‘irlagan.

Shuningdek, Sirdaryo tumanidagi “S.A.L.” MCHJga qarashli AGTKSHda o‘rnatilgan hisobga olish uskunasining qurilmalariga tashqi ta’sir ko‘rsatishi oqibatida 7,9 mlrd so‘mlik 3 mln kub metr tabiiy gaz talon-toroj qilingan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi shaxslar protsessual tartibda ushlangan.