Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi fuqaro xonadoniga yaralangan laylak kelib qoldi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi xabar qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 16-iyul kuni Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Zangiota tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan murojaatga asosan joyiga chiqib o‘rganish ishlarini olib bordi.

O‘rganish davomida Zangiota tumani “Bog‘zor” MFY Harbiylar ko‘chasida yashovchi fuqaro o‘z xonadoniga laylak o‘ng qanoti yaralangan holda kelib qolganligi ma’lum bo‘ldi. Laylakka yordam ko‘rsatish maqsadida inspektorlar tomonidan Zangiota tumani Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limiga olib kelindi va unga birinchi yordam ko‘rsatildi.

Hozirda laylakni mutaxassislar tomonidan davolash ishlari olib borilmoqda hamda qushning salomatligi yaxshilangandan so‘ng ochiq tabiat qo‘yniga qo‘yib yuboriladi.