Shavkat Mirziyoyev “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan vatandoshlar hayoti va faoliyatini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qaror “mustaqilligimizni har tomonlama mustahkamlash, tariximizning noma’lum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtayi nazardan chuqur o‘rganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida e’tirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalash maqsadida” ishlab chiqilgan.

Hujjatda “1937−1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan, bu yurtdoshlarimizning 13 ming nafari otib tashlangan, minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga jo‘natilgani, ular orasida atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, diniy ulamolar, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar va ularning oila a’zolari bo‘lgan”i qayd etilgan.

2021−2024-yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomlari oqlangan.

Qaror bilan siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan vatandoshlar hayoti va faoliyatini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi.

Qatag‘on qurboni bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularni nomma-nom aniqlash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash va tadqiq etish, ommalashtirish uchun ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etiladi.

Qatag‘on qurbonlarining avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealariga guvoh bo‘lgan insonlarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy manbalarni, noyob suratlarni to‘planadi.

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning hududlardagi bo‘limlari hamda Jadidlar merosi davlat muzeyining mavzuga doir ma’lumotlar, ashyoviy dalil va hujjatlar, boshqa tegishli eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib borilishini ta’minlanadi.

Qatag‘on qilinganlar haqidagi tarixiy haqiqatni tiklash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobini chop etish hamda ularning nomlarini Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga kiritish ishlarini davom ettiriladi.

Chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, mavzuga oid ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etiladi.

O‘zbekistonda har yili oktabr oyining birinchi haftasi Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlanadi.

“Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi xalqning mustaqillikka erishish yo‘lidagi ko‘p asrlik mardona kurashi, bu yo‘lda siyosiy qatag‘onga uchragan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati hamda ularning xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari, ta’lim muassasalari va mahallalarda uch avlod uchrashuvlarini tashkil etiladi. Madaniyat vazirligi davlat buyurtmasi asosida spektakllar, badiiy va hujjatli filmlar yaratiladi, audiovizual mahsulotlar tayyorlab, ularni internet tarmog‘ida ommalashtiriladi.

Turizm qo‘mitasi qatag‘on qurbonlarining nomlari bilan bog‘liq muzey va obyektlarni sayyohlik yo‘nalishlariga kiritadi.

Qatag‘on qurbonlari va jadidlik harakati vakillari bo‘lgan shaxslar tug‘ilib o‘sgan, yashagan xonadonlarni aniqlasin va ularda esdalik lavhalarini o‘rnatiladi.

Mahallalarda va umumta’lim maktablarida tegishli tarzda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari”ni, stendlar va boshqa ko‘rgazmali vositalarni tashkil etiladi.

“O‘zarxiv” agentligi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan qatag‘on qurbonlari va jadidlik harakati namoyandalariga oid muayyan arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda maxfiylikdan chiqarish choralarini ko‘radi.

Qarorda ikki oy muddatda mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘onga uchragan shaxslarni reabilitatsiya qilish tartibini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan.