Favqulodda vaziyatlar vazirining “O‘zbekiston aholi punktlari va obyektlarning namunaviy xavfsizlik pasportlarini tuzish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i qabul qilindi. Bu haqda Norma xabar qildi.

Xavfsizlik pasportini tuzishning asosiy maqsadi aholi punktlari va obyektlar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, ularni monitoring va tahlil qilish orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishdan iborat.

Tuman (shahar) hokimliklari favqulodda vaziyatlar bo‘limlari orqali mahallalarga xavfsizlik pasportlarini shakllantirish haqida xabarnoma yuborishadi.

Xavfsizlik pasportlari 5 ta jadvaldan iborat bo‘lib, quyidagi ma’lumotlarni aks ettiradi:

  • umumiy maydon, km;
  • mahalla aholisi soni;
  • mahalla xonadonlari soni;
  • ko‘p qavatli/ yakka tartibdagi uylar soni;
  • aholi zichligi;
  • xavfi yuqori bo‘lgan obyektlar soni;
  • ijtimoiy va iqtisodiy obyektlar soni.

Shuningdek, quyidagi aholi gavjum to‘planadigan obyektlar soni ko‘rsatiladi:

  • sog‘liqni saqlash muassasalari;
  • maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, professional ta’lim va oliy ta’lim muassasalari;
  • savdo komplekslari;
  • madaniyat va sport muassasalari;
  • masjidlar.

Hujjatda o‘tgan yil davomida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar soni hamda favqulodda vaziyat natijasida yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning taxminiy miqdori ko‘rsatiladi.