20-iyul kuni Qarshi xalqaro aeroporti yaqinida joylashgan xususiy korxonada yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar berdi Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, soat 18:00 atrofida Qarshi shahar FVBga Alp texno servis xususiy korxonasiga qarashli ishlab chiqarish binosida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Qutqaruv xizmati soat 18:10 da voqea joyiga yetib borib, yong‘in soat taxminan 20:10 larda to‘liq o‘chirilgan.

Uzbekistan Airports kompaniyasining ma’lum qilishicha, sanoat hududidagi yong‘in havo bandargohi faoliyatiga ta’sir qilmagan, u normal rejimda ishlagan. Aeroportdan 3 ta o‘t o‘chirish mashinasi ham yordamga borgan.

Hodisa oqibatida binoning taxminan 1600 metr kvadrat maydoni yonib zarar ko‘rgan, 1500 metr kvadrat maydoni asrab qolingan.

Tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.