Jo Bayden Amerika Qo‘shma Shtatlarida noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida qatnashmaslikka qaror qildi. Bu haqda u 21-iyul kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan maktubida ma’lum qildi.
“Prezidentingiz sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharafdir. Men qayta saylanish niyatida bo‘lsam-da, o‘z partiyam va mamlakatim manfaatlariga ko‘ra, nomzodimni rad etishim va qolgan muddat davomida faqat prezidentlik vazifamni bajarishga e’tibor qaratishim kerak deb hisoblayman”, — dedi 81 yoshli Bayden amerikaliklarga murojaatida.
Foto: Joe Biden / X.
Hozirda koronavirusdan davolanayotgan Jo Bayden yaqin kunlarda televideniye orqali xalqqa murojaat qilishga va’da berdi.
Shundan so‘ng u navbatdagi xabarni e’lon qildi va vitse-prezident Kamala Harrisni Demokratik partiyadan AQSh prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatishni taklif qildi.
“Bugun men partiyamizdan bu yilgi nomzod sifatida Kamalani to‘liq qo‘llab-quvvatlashimni va ma’qullashimni bildirmoqchiman. Demokratlar, birlashish va Trampni yengish vaqti keldi. Keling, buni qilaylik”, — deb yozgan Bayden.
Shu haftada bir qancha Amerika ommaviy axborot vositalari manbalarga tayanib, Jo Bayden 20−21-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan saylovoldi poygasidan chiqish qarorini e’lon qilishi mumkinligi haqida xabar bergandi. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, davlat rahbari partiyadoshlari va homiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasligi hisobga olinsa, bu vaqt masalasi bo‘lib qolmoqda.
Jo Baydenning 27-iyul kuni prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp bilan amaldagi prezident uchun muvaffaqiyatsiz deb topilgan debatidan so‘ng, Bayden vakili bo‘lgan Demokratik partiya vakillari uni saylovoldi kampaniyasidan voz kechishga chaqira boshladi. Uning o‘zi va vakillari oxirigacha o‘z nomzodini bekor qilmasligini ma’lum qildi.