Nyu-Yorkning Bruklin shahrida 24 yoshli o‘zbekistonlik erkak oilaning to‘rt nafar a’zosi — o‘z onasi, akasining rafiqasi va ularning ikki kichik farzandini o‘ldirganlikda gumonlanib qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda CBS.
Qurbonlar Mavluda Fayziyeva (56 yosh), Maftuna Hakimova (27 yosh), shuningdek, Kamila Shavkatova (5) va Timur Shavkatov (4) ekani aniqlangan. Juma kuni kechqurun ularning jasadlari pichoqlangan holda topilgan. Gumonlanuvchining akasi uyga kelganida, xonadon ichida xotini, ikki yosh bolasi va onasini pichoq bilan jarohatlangan holda ko‘rgan, so‘ngra politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan.
The New York Post nashrining yozishicha, gumondor onasining jasadini ko‘rpaga o‘rab, bolalarning jasadlarini esa kir yuvish savatiga solib, shkafga yashirgan. Qo‘shnilar bolalarning “Oyi, oyi!” deya baqirganini eshitgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi avval binodan chiqib ketgan, biroq keyin “Men aybsizman, meni hibsga oling, bu men emasdim”, deya baqirib qaytib kelgan. Uni qo‘liga kishan solib olib ketishgan, erkak yakshanba kuni sudga tortilishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oila AQShga 2007-yilda kelgan. Ular so‘nggi 10 yil davomida Bruklindagi xonadonda yashagan.
The New York Post nashri gumonlanuvchi ruhiy kasal bo‘lishi mumkinligini qayd yetgan. Qo‘shnilar uni tanigan, biroq ularning aytishicha, oilasi uni ko‘chaga chiqishga tez-tez ruxsat bermagan. Shuningdek, ular erkakni giyohvand moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.