Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatining Guliston shahridagi do‘konlarning birida sotuvchi QR-kodli chek olmoqchi bo‘lgan 12 yoshli bolaga tarsaki tushirgani aks etgan video tarqaldi.

Tasvirda xodim “qo‘lingni ol” deb baqirgani, kafti bilan bolaning yuziga urgani, so‘ng chekni yirtib olib, uning yuziga otganini ko‘rish mumkin.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bolaning onasi D.J. murojaat qilib, farzandi do‘kondan xarid qilganda QR-chek so‘ragani uchun sotuvchi tomonidan haqoratlanib, bir necha bor yuziga urilganini bildirgan. Xodimga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Surayyo Rahmonovaning so‘rovi asosida ichki ishlar organlari voqeani o‘rganishga kirishgan.

Ma’lumot o‘rnida, tadbirkorlar onlayn-nazorat kassa mashinalari va virtual kassalardan foydalanishi hamda mijozlarga QR-kod va fiskal belgili chek taqdim etishlari shart. Bunday cheklar xarid to‘lov terminal orqali yoki naqd pulda amalga oshirilishidan qat’i nazar xaridorga beriladi.

2022-yilda Termizda Kun.uz muxbiri va “Zakovat” bilimdoni Abbos Salaydinov dorixona sotuvchisidan QR-kodli chek talab qilgani uchun “samosud” qilingandi. Dorixona egasi va sotuvchisi unga “qonunni Toshkentga borib talab qilishini” aytib, jismoniy kuch ishlatgan va haqorat qilgan. Dorixona egasi, sotuvchi, xattoki jurnalistning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgandi.