Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati yangi boshlig‘i Sherzod Ibragimov jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi “inson qadrini ulug‘lash tamoyili asosida ko‘p millatli xalq manfaatlariga ishonchli xizmat qilish” bilan ifodalanadi.

YHXX rahbari transportlar soni va turi kundan kunga ko‘payib borayotganini ta’kidlab, bunday murakkab harakat jarayonida manzillarga esong‘-omon yetib borish uchun har bir kishi tartibli harakat ishtirokchisi bo‘lishi kerakligini aytdi.

“Muhtaram prezidentimiz tomonidan avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha oldimizda yangi o‘zgarishlarni amalga oshirish yuzasidan ulkan vazifalar qo‘yilishi bilan bir qatorda yangi imkoniyat va sharoitlar ham yaratib berildi”, — dedi u.

Sherzod Ibragimov yanvar oyida imzolangan, “soha va davlat organlari zimmasiga qat’iy mas’uliyat belgilaydigan va sifat jihatdan yangi mexanizmlarni o‘rnatadigan “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirish arafasida (21-iyuldan) ekanini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident tomonidan qonunlar qog‘ozda emas, amalda qat’iy bajarilishi, “islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib borishi, fuqarolar ularning amaliy samarasini kundalik hayotida doimo his qilishi zarurligiga” muhim e’tibor qaratilmoqda.

“Shundan kelib chiqqan holda, ularning amaliyotga tatbiq qilinishini ta’minlash maqsadida yo‘l harakati ishtirokchilarining piyoda, jamoat transporti, velotransport, avtotransport ustuvorligi asosida xavfsiz harakatlanishi uchun munosib shart sharoitlar yaratish yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilab olindi”, — dedi u.

YHXX boshlig‘i haydovchilar va piyodalarda yo‘l harakati qoidalarini hurmat qilish va ularga so‘zsiz rioya etish madaniyatini yuksaltirish, aholida ularni buzmaslik immunitetini shakllantirish, avariyalarning asl omillarini ilmiy jihatdan o‘rganish va kompleks bartaraf etish, ta’lim muassasalari oldi, hodisalar o‘choqlari va piyodalar o‘tish joylarida ishonchli xavfsiz tizimini yaratish, shuningdek, “ashaddiy huquqbuzarlarga qarshi murosasiz kurashish” kerakligini alohida ta’kidladi.

“Bugungi kunda yo‘l transport hodisalarining barvaqt oldini olish, eng asosiysi bunda odamlarni o‘lim va jarohatlardan himoyalash talabi madaniyat, qat’iy tartib va xavfsiz sharoitlar orqali bajariladi”, — dedi u.

“Hurmatli yurtdoshlar, fuqarolarning yo‘llardagi xavfsizligini ta’minlash avtohalokatlarni oldini olish, barchamizning burchimiz. Bor kuch va imkoniyatlarimizni ishga solib yo‘l harakati qoidabuzarliklariga qarshi hamkorlikda kurashsak xalqimizning farzandlarimizning hayoti va sog‘lig‘ini saqlashga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz”, — dedi xizmat rahbari.

Sherzod Ibragimov yo‘llarda o‘z huquq va majburiyatlarni to‘liq ifoda qilish bilan nafaqat qonunga itoat qilishni bildirish, balki atrofdagilar uchun yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini ham amalga oshirgan bo‘lish mumkin. Barcha yo‘l harakati qoidalariga to‘liq rioya qilsagina, avtomobil yo‘llari xavfsiz bo‘ladi, dedi u.

“Hurmatli hamyurtlar uydan chiqqan har qanday inson borki qoidalarga amal qilib oilasi bag‘riga sog‘-salomat qaytishi nasib etsin. Bu xayrli ishga hammamiz o‘z hissamizni qo‘shaylik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbari tez orada jurnalist va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazishni bildirdi.

“Gazeta.uz”ning YHXX boshqarmalaridagi manbalari faoliyatining ochiqligini oshirish va OAV bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar olishganini ma’lum qildi.